O‘zbekiston Prezidentining 21 sentyabrdagi qarori bilan Adliya vazirligi rahbariyati tarkibiga mas’ul shaxslar tayinlandi, deya xabar qilindi Adliya vazirligi saytida. Ruslanbek Davletov adliya vazirining birinchi o‘rinbosari, Nodirjon Jo‘rayev va Xamdam Karshiyev vazir o‘rinbosari etib tayinlandi.

Biografiyalar

Davletov Ruslanbek Quroltayevich — adliya vazirining birinchi o‘rinbosari

1980 yil 1 iyunda Xorazm viloyati Shovot tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy, huquqshunos, iqtisodchi. 2001 yil Buyuk Britaniyaning Varvik universiteti, 2003 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (magistratura), 2007 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va 2010 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2001 yilda O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining yetakchi mutaxassisi lavozimidan boshlagan. Keyinchalik mazkur qo‘mitaning bosh mutaxassisi, bo‘lim boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi lavozimida faoliyat yuritgan.

2004−2012 yillarda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasining yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi, 2012−2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha Tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari, direktor vazifasini bajaruvchisi, 2014−2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish xizmati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi tuzilmalari bilan faoliyatni muvofiqlashtirish shu’basining mudiri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Jo‘rayev Nodirjon Savriddinovich — adliya vaziri o‘rinbosari

1981 yil 6 yanvarda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy, huquqshunos. 2001 yil Toshkent davlat yuridik institutini (bakalavr), 2006 yil Toshkent davlat yuridik institutini (magistratura) tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2001 yilda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Idoraviy me’yoriy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasining katta maslahatchisi lavozimidan boshlagan. Keyinchalik mazkur boshqarmaning bosh maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan.

2003−2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i, 2006−2007 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishi ustidan monitoring qilish markazining yetakchi maslahatchisi, bosh maslahatchisi, bo‘lim boshlig‘i, 2007−2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasining boshlig‘i, 2008−2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonunchilik bosh boshqarmasining boshlig‘i, 2014−2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazining direktori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Karshiyev Xamdam Alikulovich — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining o‘rinbosari, Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnik jihatdan va moliyaviy ta’minlash departamenti direktori

1970 yil 29 sentyabrda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy, huquqshunos. 1997 yil Toshkent davlat institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1987 yilda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani xo‘jaligi ishchisi vazifasidan boshlagan.

1991−1992 yillarda Toshkent shahar Olmazor tumani IIB patrul-post xizmati rotasi militsioneri, 1992−2009 yillarda Toshkent shahar Olmazor tumani IIB navbatchilik qismi navbatchi yordamchisi, tergov bo‘limi tergovchisi, katta tergovchisi, bo‘linma boshlig‘i, bo‘lim boshlig‘ining o‘rinbosari, 2009 yilda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani IIB boshlig‘ining o‘rinbosari — tergov bo‘limi boshlig‘i, 2009−2013 yillarda Transportdagi Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari — tergov boshqarmasi boshlig‘i, 2013−2016 yillarda Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari — tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.