O‘zbekistonliklar drondan foydalanish madaniyatiga hali to‘la tayyor emas, ammo bu vaqtinchalik va rivojlanayotgan davlatlar uchun normal holat hisoblanadi. Bu fikrni Milliy matbuot markazida uchuvchisiz uchadigan apparatlar va ulardan foydalanish tartibiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida “Madad” muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti (NNT) direktori o‘rinbosari Islombek Abdurahimov aytib o‘tdi.

Tadbirda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024-yil 15-mart kuni imzolangan qonunga muvofiq, O‘zbekistonda dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun belgilangan jazo choralarini yengillashtirilayotgani tushuntirildi. Avvalroq Bojxona qo‘mitasi mazkur o‘zgartishlar “jamiyatimizda ushbu turdagi jinoyatlar ko‘payishini oldini olishga, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga, mamlakatimizga chet ellik sayyohlar oqimini tobora kengaytirishga xizmat qilishi”ni ma’lum qilgandi.

“Qonunga xilof ravishda foydalanish avval to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lgan bo‘lsa, 15-mart kuni prezidentimiz tomonidan imzolangan qonunga muvofiq, ushbu qilmish uchun tayinlanadigan jinoiy qilmishlar liberallashtirildi, ya’ni ma’muriy javobgarlik belgilandi. Endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortilmaydi, avval ma’muriy, ya’ni yengilroq jazo qo‘llanadi. Jismoniy shaxs shu qilmishni bir yil ichida takroran sodir etsa, keyinchalik jinoiy javobgarlikka tortish masalasi ko‘riladi”, — dedi “Madad” NNT direktori o‘rinbosari Islombek Abdurahimov.

Matbuot anjumanida “Gazeta.uz” muxbiri nega o‘zbekistonliklar dronlardan erkin foydalanishi mumkin emasligi, amaldagi taqiqlar qanday omillarga asoslanib joriy etilgani haqida so‘radi. Abdurahimov bu savolga javob berarkan, bu “katta mavzu” ekanini alohida qayd etib o‘tdi.

“Madad” NNT direktori o‘rinbosari Islombek Abdurahimov“Madad” NNT direktori o‘rinbosari Islombek Abdurahimov

“Buni hozir sodda, qisqa qilib aytishga harakat qilaman. Har bir insonning o‘z huquqlari bor: so‘z erkinligi, saylash va boshqalar. Lekin o‘zgalarning ham huquqlari bor-da. Odam o‘zining huquqlarini amalga oshirayotgan paytda o‘zgalarning huquqlariga daxl qilmasligi kerak. Hozirgi sharoitda tinchlikni saqlash — pirovard masala. Dunyodagi geosiyosiy vaziyat, notinchlikni hammamiz ko‘rib turibmiz, bu hech kimga sir emas. Dronlarni taqiqlab qo‘yish yoki qandaydir cheklov qo‘yish bu — ularning huquqlariga daxl qilish, degan masalaning o‘zi sal noto‘g‘ri. Bunga boshqa tomondan qarash kerak-da. Masalan, biz hozir hammaga [drondan foydalanishga] ruxsat berib yuborsak — bu qurilmalardan foydalanish madaniyati hali biz tasavvur qilgan darajada emas — qo‘pol qilib aytganda, odamlar bir-birini uyida qilayotgan ishlarini ham dronlar orqali Feysbuk yoki boshqa tarmoqlarda efirga qo‘yib yuborishi mumkin”, — dedi “Madad” NNT vakili.

Biz hali [drondan] foydalanish madaniyatiga to‘la tayyor emasmiz, degan nuqtai nazardan kelib chiqib, hukumat mana shu cheklovlarni kiritgan. Lekin bu vaqtinchalik va rivojlanayotgan davlatlar uchun normal holat hisoblanadi. Vaqti kelib, xalqimiz, fuqarolarimiz mana shu darajaga yetib keladi va taqiqlar olib tashlanadi, sekin-sekin yengillashtiriladi. Yaqinda imzolangan hujjatga asosan, liberallashtirilganining o‘zi ham katta bir qadam. Bu yildan-yilga liberallashtirilib borilaveradi”, — dedi u.

Abdurahimovning qo‘shimcha qilishicha, qonun hech qachon bir joyda to‘xtab qolmaydi, jamiyat rivojlangan sari qonunlar ham o‘zgarib boraveradi.

“Siz aytgan masala bo‘yicha ham xuddi shunday — cheklovlar ham sekin-sekin bekor qilinadi. Lekin, aytib o‘tmoqchimanki, bizda bu masalada — [dronlardan] qonunga hilof ravishda foydalanish, olib kirish va saqlash uchun javobgarlikning ikkita turi bor: ma’muriy va jinoiy javobgarlik — u hali ham turibdi. Hamma bilib qo‘ysin — huquqni bilmaslik, jinoiy javobgarlikdan ozod qilmaydi, degan gapi bor yuristlarning. Shuning uchun buni ham bilib qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘ladi”, — dedi Islombek Abdurahimov.

Muxbirning “drondan erkin foydalanishga ruxsat bermay turib, aholining bu boradagi madaniyati yaxshi shakllanmagan, degan xulosaga qanday kelish mumkin?” mazmunidagi savoliga javoban “Madad” NNT vakili bunday masalalar “kasalni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan afzal” degan tamoyil asosida tartibga solinishini ta’kidladi.

“Konstitutsiya bilan belgilangan qonunchilik tashabbusiga ega bo‘lgan sakkizta subyekt bor, parlament ham ishlab turibdi. U yerda prognozlashtirish, ya’ni oldindan ko‘ra bilish, degan masala ham bor. Masalan, kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan ma’qul, degan prinsipdan kelib chiqib, mana shu masalalar tartibga solinadi. U yerda qonun chiqaruvchilar faqat qo‘l ko‘tarib, tasdiqlab qo‘ymaydi. Ular ham bahslashadi, tortishadi va oxirida ko‘pchilik bir xulosaga kelib, shu masalalar tartibga solinadi”, — dedi NNT direktori o‘rinbosari.

Islombek Abdurahimov O‘zbekistonda dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni yengillashtirishga nima sabab bo‘lgani haqidagi savolga izoh berarkan, jumladan, shunday dedi: “Hozir inson huquqlari, inson qadri, degan prinsiplar asosida ishlayapmiz-ku. Shundan kelib chiqib [jazo yengillashtirildi]. Jinoiy javobgarlikka tortish og‘ir masala-da, oqibatlari ham og‘ir bo‘ladi. Ma’muriy degani, bu — jinoiy javobgarlikka tortildi degani emas, sudlandi degani emas, jarimasini to‘laydi — bo‘ldi. Bir yil ichida takroran sodir etsa, jinoiy javobgarlik borligi aytilib, ogohlantiriladi”, — dedi u.

Ma’lumot uchun: Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, quyidagicha jazolanadi: bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan 50 baravarigacha (2024-yil 15-aprel holatiga — 8 mln 500 ming so‘mdan 17 mln so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. Og‘irlashtiruvchi holatlarda ozodlikdan mahrum qilish jazosining muddati 10 yilgacha yetishi mumkin.

Muhokamada “O‘zaviatsiya” agentligi boshqarma boshlig‘i Ravshan Xudoyqulov ham fikr bildirib o‘tdi. U dronlardan erkin foydalanishga nima uchun taqiq qo‘yilganini tushuntirdi.

“O‘zaviatsiya” agentligi boshqarma boshlig‘i Ravshan Xudayqulov“O‘zaviatsiya” agentligi boshqarma boshlig‘i Ravshan Xudayqulov

“Mana, hozir savol berdilar: nimaga asosan, [dronlardan foydalanishda] taqiq qo‘yilgan [deb]. [Bu masalada] xalqaro tajriba ham [inobatga olingan]. YouTube’da ham chiqqan — [Londonning] Gatvik aeroportiga dron noqonuniy kirgani uchun aeroport ishi to‘xtatilgan, shu bilan qanchadir zarar ko‘rgan. Bundan tashqari, chegaradan noqonuniy narsalarni olib o‘tish holatlari ham bo‘lgan. O‘zbekiston uchuvchisiz uchish apparatlarni taqiqlagan birinchi davlatlardan biri hisoblanadi. Hozir ko‘p davlatlar, Amerikani olasizmi, Rossiyani olasizmi, tartib va taqiq bo‘lmagani uchun hozir shu sohani tartibga sololmay, nazorat qilolmay, ovora”, — dedi Xudoyqulov.

O‘zbekistonda UPQAlar qanday taqiqlangandiyu, jazolar qanday og‘irlashtirilgandi?

2015-yilda mamlakatda dronlarni olib kirish va ulardan foydalanish to‘liq taqiqlangandi. 2018-yil may oyidan boshlab xorijiy ijodiy guruhlar tomonidan O‘zbekistonning turizm salohiyati haqida foto va video materiallar tayyorlash uchun uchuvchisiz parvoz qiluvchi apparat (UPQA)larni, jumladan, dronlarni vaqtincha olib kirishga ruxsat berilgan.

2019-yildan esa uchuvchisiz parvoz qiluvchi apparatlarni noqonuniy olib kirganlik, sotganlik, sotib olganlik, saqlaganlik yoki ishlatganlik uchun Jinoyat kodeksining 244−4-moddasi (majburiy deklaratsiya bilan tranzit o‘tkazish bundan mustasno) bo‘yicha jinoiy javobgarlik belgilandi.

2020-yil may oyida Andijonda dron yordamida video olmoqchi bo‘lgan videooperatorga uch yillik shartli ozodlikdan mahrum qilish jazosi, bir yillik sinov muddati berildi. Sobiq deputat Rasul Kusherbayev buni “yil jinoyati” deb atadi, ayni vaqtda jazolashga sabab bo‘lgan moddani jinoyat qonunchiligidan chiqarib tashlash zarurligini ta’kidladi.

2022-yil fevralida rossiyalik sayohatchi bloger Maksim Limar Buxorodan Novosibirskka uchib ketayotganda qo‘lida kvadrokopter topilgani sababli qo‘lga olindi.

2022-yilning iyun oyida rossiyalik sayyoh Polina Yermakova chegarani kesib o‘tganidan bir necha kun o‘tib dron olib kirgani uchun Toshkentda ushlangan. Sud ayolni oqlagan, ammo ayol dronsiz qolgan.

Aviatsiya muhandislari Nuriddin Abdujabborov va Qadambay Saitov O‘zbekistonda dronlarni olib kirish va ulardan foydalanishni tartibga solish ushbu sohani rivojlantirishga qanchalik imkon berish-bermasligi haqida 2019-yilda “Gazeta.uz”ga maqola yozgandi.

O‘zbekistonning 2023-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturida uchuvchisiz parvoz qiluvchi apparatlarni noqonuniy olib kirganlik va ulardan foydalanganlik uchun jarimalarni yengillashtirish ko‘zda tutilgandi.

“Madad” muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti haqida

O‘zbekiston prezidentining 2019-yil 9-yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Adliya vazirligi tomonidan Advice.uz huquqiy axborot tizimi ishga tushirilgan.

Adliya vazirligi va “Yuksalish” umummilliy harakatining taklifidan kelib chiqib, O‘zbekiston hukumati 2019-yil 6-sentabrda, jumladan, “Madad” muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etishni nazarda tutuvchi qarorni imzolagan. Qarorda tashkilot oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri sifatida, xususan, “„Advice.uz“ (e-maslahat.uz) huquqiy axborot portalining muntazam ravishda yuritilishi va yangilab borilishini ta’minlash” ko‘rsatilgan.

Tashkilot faoliyati, jumladan, davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida Adliya vazirligi, boshqa davlat organlari va tashkilotlarining shartnoma asosida “Madad” NNTga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratiladigan budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.