O‘zbekiston hukumati yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash choralarini ishlab chiqmoqda. Bu prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan. Hujjat hali jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmagan, vazirlik va idoralar orqali tasdiqdan o‘tmoqda. “Gazeta.uz” hujjat bilan tanishishga muvaffaq bo‘ldi.

Shanba kuni Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev va Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vahobov loyihani tadbirkorlar bilan muhokama qildi, takliflar inobatga olingan holda hujjatga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

Loyihaga ko‘ra, 2024-yil 1-maydan boshlab ko‘chmas mulk va transport vositalarini sotishni faqat naqd pulsiz hisob-kitoblar asosida amalga oshirish taklif etilmoqda. Ushbu operatsiyalar bo‘yicha komissiyalarni bekor qilish rejalashtirilgan.

Bunda jismoniy shaxslar bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomalari bank ma’lumotlari asosida, yuridik shaxslar bilan tuzilganlari esa naqd pulsiz to‘lovni tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lsa, elektron hisobvaraq-fakturalar orqali notarial tasdiqlanishi kerak bo‘ladi.

Tovar va xizmatlar narxi 3000 dollardan oshsa, to‘lovlarni faqat naqd pulsiz shaklda amalga oshirish taklif etilmoqda (avvalroq BHMning 300 baravari yoki 100 million so‘mdan biroz ko‘proq chegaraviy miqdor belgilash taklif qilingan edi).

budjet tashkilotlari xodimlari, jumladan, OTMlar va yirik soliq to‘lovchilar, shuningdek, harbiy xizmatchilarning 100 foiz ish haqini bank kartasiga o‘tkazish yo‘li bilan berish taklif qilinmoqda.

Faqat naqd pulsiz shaklda to‘lanadigan xizmatlar katalogini tasdiqlash taklif etilmoqda: davlat xizmatlari, kommunal xizmatlar, universitetda o‘qish uchun shartnoma va boshqalar.

Ulgurji savdoni ham to‘liq naqd pulsiz hisob-kitoblarga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Fevral oyida Shavkat Mirziyoyevga naqd puldan foydalanishni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazilgan edi. Aholiga xizmat ko‘rsatuvchi budjet tashkilotlari, uy-joylarni jismoniy shaxslarga sotishda quruvchilar va boshqalar uchun naqd puldan foydalanishni qisqartirish va naqdsiz to‘lovlarni joriy etish shular jumlasidandir. Yog‘och, shinalar va shakar ulgurji savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish ham rejalashtirilgan edi.

O‘tgan yilning dekabr oyida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish maqsadida naqd pul muomalasini qisqartirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi tayyorlanganini ma’lum qilgandi. O‘shanda gap ayrim to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali to‘lash haqida borgan edi.

Yil boshida prezident yashirin iqtisodiyotdan davlat budjetiga yetkazilgan zarar 30 trillion so‘m, yalpi ichki mahsulotga yetkazilgan zarar esa 135 trillion so‘mni tashkil etganini aytgan edi. Deyarli 11 mingta korxona (41 foiz) hisobotlarida faqat 1 kishini ishchi sifatida ko‘rsatgan.

1-fevraldan boshlab O‘zbekistonda Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi joriy etildi, bu esa korxonalarning to‘g‘ri faoliyat yuritishini rag‘batlantirishi va ularni “soyadan” chiqishga undashi kerak.