O‘zbekistonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xizmat vazifasini bajarishi chog‘ida olingan foto va video tasvirlarni ularni “obro‘sizlantirish maqsadida” internetga joylashtirganda javobgarlikni nazarda tutuvchi norma qabul qilinishi mumkin. Bu esa jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinib, e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda. “Gazeta.uz” ushbu tartib bo‘yicha aholi qanday fikrda ekaniga qiziqib, so‘rovnoma o‘tkazdi.

So‘rovnoma qatnashchilarining aksariyati mazkur norma qabul qilinishiga qarshi ekanini, ayrimlar bu tartib joriy etilishini qo‘llab-quvvatlashini, ba’zilar esa bunday norma muhokama qilinayotganidan xabari yo‘qligini bildirdi.

Respondentlardan birining aytishicha, vazifasini bajarayotgan xodim o‘ziga ishonsa va ishini to‘g‘ri qilsa, u o‘zini kameraga olishlaridan qo‘rqmaydi, bu unga ta’sir ko‘rsatmaydi. “Qandaydir kamchiligi yoki xatosi bormi, demak, tasvirga olishlaridan qo‘rqadi. Har bir fuqaro o‘z huquqini bilgan holda kameraga olishga haqli. Shu sababli men bu normaning qabul qilinishiga qo‘shilmayman”, — deydi u.

U o‘z fikrida davom etarkan, Senat bu qonunni qabul qilsa, xalqqa qiyin bo‘lishi haqida gapirdi. “Xalq yana fikrini aytib bera olmaydi, rahbarlar yopiq rejimga qaytadi, huquq-tartibot idorlarining ayrim xodimlari qo‘lidan kelgan ishni qilishi mumkin. Noqonuniy holatlar bo‘lsa ham, fuqarolar buni isbotlay olmaydi. Bu norma IIOga, byurokratiyaga xizmat qiladi. Eski tuzum, eski davrga yana qaytiladi”, — dedi u.

“[Norma qabul qilinishiga] to‘g‘ri qarayman. Chunki hozir feyk axborotlar, xalqni chalg‘itish ham ko‘payib ketgan. Umuman olganda, internet yaxshi narsa emas, ko‘proq kitob o‘qish kerak”, — dedi respondentlardan biri.

Boshqa bir fuqaro esa tasvirni internetga chiqarishdan oldin holat bo‘yicha yuqori tashkilotlarga murojaat qilish kerakligini qayd etdi.

“Kimningdir xatti-harakati noqonuniy bo‘layotgan bo‘lsa, holat bo‘yicha tegishli tashkilotlarga murojaat qilish kerak. Darrov ommaga olib chiqish shart emas. Chunki masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Balki o‘zi vaziyatni shu darajaga olib kelib, s’yomka qilayotgandir, biz buni bilmaymiz. Yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qilganidan keyin ham ijobiy natija bo‘lmasa, oxirgi chora sifatida tasvirni internetga chiqarish kerak, degan fikrdaman”, — dedi u.

So‘rovnomada ishtirok etgan yana bir fuqaro ushbu norma qabul qilinishiga qarshiligini aytdi.

“[Senatda] bo‘lgan o‘sha matbuot anjumani videosini ko‘rdim, huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev gaplarini eshitdim, u haqiqatan o‘rinli gaplarni aytdi. Men blogerlar tarafdaman, bu qonun qabul qilinishiga qarshiman. Nimaga? Chunki bu norma qabul qilinsa, xalqning yonini kim oladi? Videoga olib tarqatish taqiqlansa, ular hech narsadan qo‘rqmaydi. Ularning nohaqligini isbotlay olmaysiz. Bunday qonunni ishlab chiqarishning nima keragi bor unda?” — dedi u.

“Qonun qabul qilinishiga qarshiman. Sababi bundan xalq ko‘proq ziyon ko‘radi. Odamlar manfaatiga ham, yashash tarziga ham ta’sir ko‘rsatadi. Misol uchun, qaysidir jabhalarda haq bo‘lsa ham, nohaq ayblanishi yoki har xil holatlarda aziyat chekishi mumkin”, — dedi so‘rovnomaning yana bir ishtirokchisi.

Aholi fikrini o‘rganish davomida ba’zilar bunday qonun muhokamasi bo‘layotganidan bexabarligini aytib, munosabat bildirishni xohlamadi.

Kontekst

2023-yil 28-noyabrda Qonunchilik palatasi deputatlari yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish maqsadida Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagan. Hujjat bilan huquq-tartibot idoralari xodimlarining faoliyatiga oid foto va videolarini “obro‘sizlantirish maqsadida” internetda e’lon qilganlik uchun jarima va 15 sutka qamoq jazosini joriy etish taklif qilingan.

Qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish chog‘ida deputat Doniyor G‘aniyev mazkur qoida O‘zbekiston prezidenti tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosatiga, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyiliga zid ekanini ta’kidlagan.

Ammo qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda ham qabul qilingan va Senatga yuborilgan. Ovoz berish jarayonida o‘zgartishlarni 94 deputat qo‘llab-quvvatlagan, 2 nafari qarshi bo‘lgan, 3 nafari betaraf qolgan, 7 nafari esa ovoz bermagan.

Ushbu norma jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lgan. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxanov ushbu qoidani “ochiqlik siyosatiga zid” deb atagan. “Yuksalish” harakati esa Senat qonunni ko‘rib chiqayotganda mazkur band bo‘yicha jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan savol va e’tirozlarga jiddiy e’tibor qaratishi kerak, deb hisoblagan.

11-yanvar kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi majlisida ushbu qonun dastlabki tarzda muhokama qilingandi. Qo‘mita IIO xodimlarining foto va videolarini “obro‘sizlantirish maqsadida” internetda e’lon qilganlik uchun jazolash haqidagi normaga izoh berib, bunday harakatlarni taqiqlash va jazolash Britaniya, Germaniya va Fransiya kabi mamlakatlar qonunchiligida mavjudligini ta’kidlagan. Jurnalistlar qonunning suiiste’mol qilinish xavfi borligini ko‘rsatib, mazkur qoidaga qarshi chiqqan. Senator va Ichki ishlar vazirligi vakillari esa ushbu tuzatishning ahamiyatini oqlashga harakat qilgan.

Senat hali qonunni ko‘rib chiqmadi. Ammo yakuniy muddatga oz qoldi. Agar senatorlar ushbu qonunni Senatga kelib tushgan kundan boshlab 60 kun ichida ko‘rib chiqmasa, qonun bevosita prezidentga yuboriladi. “Gazeta.uz” ma’lumotlariga ko‘ra, hujjat 5−6-dekabr kunlarida Senatga yuborilgan. Demak, agar 5−6-fevralgacha qonun bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinmasa, u imzolash uchun prezidentga yuboriladi.

Bir nech kun oldin Senat raisi Tanzila Narbayeva ushbu norma Senat qo‘mitalari tomonidan o‘rganilayotganini aytgandi. “Qo‘mitalarimiz hozir ko‘rib chiqish jarayonida”, — degan u.