9−10-may kunlari O‘zbekistonning barcha hududlariga nam havo massalari tarqaladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi.

Dushanba kuni kunduzi respublikaning katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida va Farg‘ona vodiysining ba’zi joylarida kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati +23…+28 daraja atrofida bo‘ladi.

Seshanba va chorshanba kunlari respublikaning g‘arbiy hududlariga nam havoning yana bir qismi kirib kelishi boshlanadi. 7−8-mayda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida, 8-mayda Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi.

Respublikaning qolgan hududlarida bu kunlari quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati +30…+33 darajagacha ko‘tariladi.

9−10-may kunlari ko‘p viloyatlarda yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bo‘ladi. Faqat 9-mayda Farg‘ona vodiysida, 10-mayda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi kutilmaydi. Bu kunlarda havo harorati pasayadi va 10-mayga kelib +20…+25 darajagacha bo‘ladi.

Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7−12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15−20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 6-mayda kunning ikkinchi yarmida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 7−8-mayda yog‘ingarchilik kutilmaydi. 9−10-mayda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Baland tog‘larda (2000 metrdan yuqorida) 10-may kuni yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor. Qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi.

Toshkent shahrida 6-mayda kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +26…+28 daraja bo‘ladi. 7−8-may kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat +30…+33 darajagacha ko‘tariladi.

9-mayda kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +30…+32 daraja bo‘ladi. 10-mayda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +22…+25 darajagacha pasayadi.