10−11-iyun kunlari Avstriya poytaxti Vena shahrida Jahon banki ko‘magida tashkil etilgan Qirg‘iziston xalqaro energetika investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ham ishtirok etdi, deb xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Forumdan ko‘zlangan maqsad — Qirg‘izistonning energetika sohasini isloh qilish borasidagi ishlarini namoyish etish, investitsiya imkoniyatlarini, jumladan, Qambarota GES-1 loyihasini muhokama qilish, Markaziy Osiyoda toza energiyaga o‘tishni jadallashtirish bo‘yicha salohiyatni namoyish etish.

Forumda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Avstriya, Fransiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va qator xalqaro moliya institutlari vakillaridan iborat 200 ga yaqin energetika sohasi vakillari ishtirok etdi.

Forum doirasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Energetika vazirliklari o‘rtasida Qambarota GES-1`ni qurish va foydalanish loyihasini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida uch tomonlama bitim imzolandi.

Bundan tashqari, energetika sohasida, jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida hamkorlikni rivojlantirish, Qambarota GES-1`da suv-energetika resurslaridan foydalanishning o‘zaro maqbul mexanizmlarini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

қамбарота гэс-1, қирғизистон energetika vazirligi

Forum Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi donorlik qo‘mitasini tuzish bilan yakunlandi.

Donor qo‘mitasining ilk a’zolari qatoriga Jahon banki, OPEK jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqalar kirdi.

Qirg‘iziston hukumati “qo‘mitaning eshiklari ochiq va manfaatdor tomonlar unga qo‘shilishi mumkin”, deb ta’kidladi. Qo‘mitaning birinchi yig‘ilishi shu yilning kuzida bo‘lib o‘tadi.

Qambarota GES-1 loyihasi tarixi

2021-yil mart oyida Qirg‘iziston prezidentining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida mamlakatlar o‘rtasida “Qambarota GES-1 qurilishi” investitsiya loyihasini hamkorlikda tayyorlash to‘g‘risidagi bitim va o‘zaro elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha protokol imzolangan.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 2022-yil iyun oyida Qambarota GES-1 qurilishiga start bergan. Loyihaning dastlabki ishlari uchun 20 mln dollarga yaqin mablag‘ ajratilgan. Loyihaning Kanadaning SNC-Lavalin International Inc. konsorsiumi va va Rossiyaning “Janubiy energetika muhandislik markazi” tomonidan ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy asosiga ko‘ra, GES qurilishi uchun 2014-yil narxlarida 2,9 mlrd dollar talab etilgan. Shuningdek, 13-aprel kuni Qirg‘iziston rahbari loyiha xarajatlari 5−6 mlrd dollarni, o‘zini oqlash muddati esa 13−15 yilni tashkil etishini ta’kidlagan.

Bo‘lajak GESning quvvati 1860 MVtni tashkil qiladi. GESning suv ombori hajmi 5,4 milliard kub metr, to‘g‘on balandligi 256 metr. Stansiya yiliga o‘rtacha 5,6 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. GESning qurilishi 10 yil davom etishi kutilmoqda, jumladan, birinchi gidroagregat to‘rt yildan so‘ng foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Qozog‘iston energetika vaziri Bolat Akchulakov va Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayev 2023-yil yanvar oyida Bishkek shahrida Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolagandi. Birmuncha vaqt o‘tgach, qurilish bo‘yicha investitsiya shartnomasi imzolangan.

2024-yil aprel oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hukumatlarining Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha qo‘shma kompaniya tuzish rejalari haqida ma’lumot berilgandi. Qiymati 5−6 milliard dollarga baholangan loyiha amalga oshirilgach, stansiyaning aksiyalari va aktivlari Qirg‘iziston mulkiga o‘tadi.