O‘zbekistonda “prezidentni internetda haqorat qilgani” uchun jinoiy javobgarlikka tortilayotgan va qamoqqa olinayotgan odamlar soni ortib bormoqda, deya bayonot berdi Human Rights Watch. Xalqaro huquq tashkiloti shu munosabat bilan mamlakatni zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqirdi.

Qayd etilishicha, “jinoiy ayblov eng ko‘pi bilan 5 yillik qamoq jazosini o‘z ichiga oladi va xalqaro inson huquqlarini buzadi”.

“O‘zbekistonda odamlar prezident va boshqa rasmiylarini ochiqchasiga, repressiyadan qo‘rqmasdan tanqid qila olishi kerak”, — deydi Human Rights Watch`ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Xyu Uilyamson. “Hukumat zudlik bilan „prezidentni onlayn haqorat qilish“ jinoyatini bekor qilishi va ushbu ayblov bilan qamalgan har qanday shaxsni ozod qilish bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘rishi kerak”, — deydi u.

HRW`ning yozishicha, jamoat arboblarini tanqid qilishni jazolovchi qonunlar xalqaro huquqqa zid va ba’zi ifoda shakllari haqorat sifatida ko‘rilishi jinoiy ta’qiblarni oqlash uchun yetarli emas.

Prezident yoki boshqa mansabdor shaxslarga nisbatan „haqorat“ jinoyati shunchaki jinoiy adliya tizimini hukumatning uni ranjitgan yoki kamsitgan har qanday shaxsdan qasos olish quroliga aylantiradi”, — deb ta’kidlanadi chaqiriqda.

Prezidentni internetda haqoratlaganlik uchun jazolashlar

2021-yil mart oyida Jinoyat kodeksining 158-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga tajovuz qilish) telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internetdan foydalangan holda prezidentni ommaviy haqoratlash yoki tuhmat qilish uchun javobgarlikni belgilovchi qism bilan to‘ldirilgan.

Bundan jinoyat uchun 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi mavjud.

2021-yil aprel oyida Jizzax viloyati prokuraturasi bloger Valijon Kalonov (1969-yilda tug‘ilgan) YouTube va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida O‘zbekiston prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka noto‘g‘ri talqin qilib, davlat rahbarining obro‘siga putur yetkazish va kamsituvchi ma’lumotlarni tarqatib kelgani va holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi.

Huquq faoli Abdurahmon Tashanov o‘shanda Kalonov sud tibbiyot ekspertizasi tomonidan aqliy nosog‘lom deb topilgani, Samarqand shahridagi 1-sonli psixiatriya shifoxonasiga majburiy davolash uchun yuborilganini bildirgan.

2022-yil fevral oyida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov hamda amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevni haqorat qilishda ayblangan bloger Sobirjon Boboniyozov 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. U Telegram`dagi guruhlardan birida davlat rahbarlarini haqoratlovchi video e’lon qilgani aytilgan. Bloger ushbu harakatlarini mast holatda takroran sodir etgan.

2023-yil oktabr oyida sud Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi 19 yoshli yigitni Instagram`da Shavkat Mirziyoyevga nisbatan haqoratli fikr yozgani uchun 2 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilgandi. Sudya, shuningdek, sudlanuvchining ushbu ijtimoiy tarmoqdagi akkauntini bloklashga qaror qilgan. O‘shanda “Gazeta.uz” mazkur modda bo‘yicha 10 ga yaqin sud qarorini o‘rganib chiqqan va bu ko‘p oylardan buyon prezidentni haqorat qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilgan birinchi sud qarori ekanini aniqlagan.

Shuningdek, 2024-yil mart oyida sud Erondan qaytgan 27 yoshli namanganlik fuqaroni Facebook`da prezident Shavkat Mirziyoyevga nisbatan tuhmat va haqoratli izohlar yozgani uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi.

2024-yil aprel oyida esa sud Samarqand viloyatida tug‘ilgan, Olmaliq shahrida yashovchi 28 yoshli fuqaroni prezidentni haqorat qilgani uchun 2,5 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilgan. Erkak soliq idoralari uni ko‘p marta jarimaga tortgani uchun Instagram`da g‘azablangan holda haqoratomuz izoh va postlar joylaganini bildirgan.


Abdurahmon Tashanov, inson huquqlari bo‘yicha “Ezgulik” jamiyati raisi:

Menimcha, huquq amaliyotida prezident shaxsiga nisbatan tuhmat va haqorat uchun alohida javobgarlik belgilash shart emas. Prezident ham fuqaro va ayni paytda davlat xizmatchisi. Shu boisdan HRW`dagi hamkasblarimning chaqirig‘i o‘rinli, deb hisoblayman.

Prezidentni ayblov va jamoatchilik tanqidi va haqoratlaridan alohida tarzda himoya qilishga urinish avtoritarizmdan boshqa narsa emas.

Gulnoz Mamarasulova, Shvetsiyadagi inson huquqlari bo‘yicha NNT, “Markaziy Osiyo uyushmasi” jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:

Human Rights Watch maqolasini o‘qiganimda ikkita mulohaza tug‘ildi. Birinchisi, haqorat qilish jinoyat sifatida qaralishi qoralansa, ikkinchisi, prezident yoki davlat rahbarlarini, amaldorlarni tanqid qilish jinoyat sanaladimi-yo‘qmi degan. Haqorat, albatta, har qanday jamiyatda qabul qilinmas holat hisoblanadi. Lekin tanqid — boshqa narsa. Ya’ni o‘rinli tanqid qilinsa, bu judayam yaxshi. Bu so‘z erkinligining amalda joriy etilishi, amalda qo‘llanishi hisoblanadi. So‘z erkinligi mavjud bo‘lgan mamlakatlarda har qanday shaxs, har qanday amaldor tanqid ostiga olinishi tabiiy jarayon sifatida qaralishi, qabul qilinishi kerak.

Fikrim shundayki, har qanday erkin, demokratik jamiyatlarda, xoh u davlat rahbari bo‘lsin, xoh turli mansab egasi — bundan qat’i nazar, ular o‘rinli va konstruktiv tanqidlarni qabul qilishi kerak. Mana shunday tanqidlar haqoratga yo‘yilmasligi kerak.

Davlat rahbarlarini haqoratlash moddalari nafaqat Markaziy Osiyo, balki Yevropa mamlakatlarida ham qo‘llanadi. Masalan, Germaniyada bor bu qonunchilik. Ya’ni davlat rahbarlarini haqoratlashga jinoyat sifatida qaraladi. Lekin Germaniya kansleri Angela Merkel umri davomida bu qonundan foydalanmagan. Shu sababli HRW`da o‘rinli masala ko‘tarilgan. Tushunishimcha, haqorat emas, aynan tanqid qilganlik uchun kimlardir, yosh umrlar (masalan, 19 yoshlisini ko‘rdik) 5 yilgacha bo‘lgan qamoqqa tashlanishi to‘g‘ri ish bo‘lmagan.

Shuni aytish kerakki, ayrim Yevropa mamlakatlarida prezidentni haqoratlashga qarshi qonunlar bekor qilingan holatlar ham bor. Masalan, Fransiyada prezidentni haqoratlashga qarshi amalda bo‘lgan qonun 2013-yilda bekor qilingan. Lekin boshqa ayrim Yevropa mamlakatlarida davlat rahbarlarini haqoratlash hali ham jinoyat sifatida ishlab keladi, lekin amalda ular ishlatilmaydi. Shunisi bilan Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi bunday qonunlar farqlanadi. Ya’ni ularning amalda ishlatilishi va ishlatilmasligi ham muhim.

Mayli, bu qonunlar amalda Jinoyat kodeksi va jinoyat qonunchiligida amal qilsa ham, bularni qanchalik faol ishlatish bu yana yuqoridagilarga havola sifatida qoladi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixiga qaraydigan bo‘lsak, so‘z erkinligini cheklash amaliyotlari doimiy qo‘llangan. Xususan, hukumdorlarni tanqid qilgan Mashrab, Avaz O‘tar, Nasimiy kabi arboblar ham zanjirband qilinib, qatag‘on qilingan. Ya’ni bu bizning tariximiy uchun ham yangilik emas. Lekin hozirda demokratik jamiyat qurar ekanmiz, erkin fikr, konstruktiv tanqid uchun kimlardir qamoqqa tashlanishini oqlamagan bo‘lardim.