10-iyun kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi “Hisorak” suv omborida favqulodda holat yuz bergani, yaqin atrofdagi odamlar uylarini tashlab ketayotgani haqida xabarlar tarqaldi. 11-iyun kuni Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev holat yuzasidan bayonot berdi.

“Tarqalgan xabar bo‘yicha zudlik bilan joyga respublikadan mutaxassislardan iborat ishchi guruh yetib kelib, holat o‘rganildi. Bugungi kunda hech qanday favqulodda vaziyat sodir bo‘lmagani aniqlandi. „Hisorak“ suv ombori shtat rejimida ishlayotgani, haqiqatdan ham mana bu mutaxassislar bu yil ob-havoni seryomg‘ir kelgani va albatta kunlarni isib ketib, tog‘dagi qorlarning erishi bir muncha tezlashgani va yerning namligi oshgani „Hisorak“ suv omborining yon bag‘irlarida joylashgan o‘zining yo‘li bilan kelayotgan suvlarning bir muncha ko‘payishi holati sezilgan. Lekin, asosiy suv omborining bironta parametri o‘zgargan joyi yo‘q, shtat rejimida ishlayotgan bo‘lgan”, — dedi vazir.

Vazir kecha suv omborida suv tashlash ishlari amalga oshirilganini ma’lum qildi.

“Kuni kecha tepadan kelayotgan suv bir muncha ko‘payganini hisobga olib, bu yerda hammaga ma’lumki, suv omborining suv hajmi balans berishi kerak, balans berish natijasida suv tashlash ishlari amalga oshirilgan. Uning ham hisob kitoblari qilinganda 40 kub/sekundiga tashlangani ma’lum bo‘ldi. Vaholanki, bu suv omborining loyihaviy suv tashlash qobiliyati 250 kub/sekundga teng”, — dedi Abdulla Qo‘ldoshev.

Qo‘ldoshev aholini vahima qilmaslikka chaqirib, ishlar oldindan rejalashtirilgan tizimda davom etayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, 10-iyundan 11-iyunga o‘tar kechasi Shahrisabz hokimi Samad Hasanov ham suv ombori haqida tarqalgan xabarlar yolg‘on ekanini aytib, aholini hotirjamlikka chaqirgandi.

10-iyun kuni vazirlik to‘g‘onning chap tarafidan qo‘shimcha tunnel ochish maqsadida olib borilayotgan muhandislik-texnik tadbirlar vaqtida suv sizib chiqishi holati kuzatilganini ma’lum qilgandi.

“Avariya oqibatini bartaraf etish maqsadida „O‘zbekgidroenergo“ AJ boshqaruvi raisi rahbarligida viloyat hokimi, FVB, IIB boshliqlari va boshqa mutasaddi tashkilotlardan iborat tezkor shtab tuzilgan. FVVning qo‘shimcha qilishicha, maxsus texnikalar yordamida barcha zarur muhandislik tadbirlar olib borilmoqda”, — deyilgandi vazirlik xabarida.