Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda “Hisorak” suv omboridan suv sizib chiqish holati haqida yolg‘on xabarlar tarqatgan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

10-iyun kuni Shahrisabz tumanida joylashgan “Hisorak” suv omboridagi texnik tadbirlar vaqtida to‘g‘ondan suv sizib chiqqandi. Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagan, suv omboriga shikast yetmagan. Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev “Hisorak” suv omborida hech qanday favqulodda holat yuz bermaganini ma’lum qilgan. U aholini vahima qilmaslikka chaqirib, ishlar oldindan rejalashtirilgan tizimda davom etayotganini bildirgan.

Shuningdek, 11-iyunga o‘tar kechasi Shahrisabz hokimi Samad Hasanov ham suv ombori haqida tarqalgan xabarlar yolg‘on ekanini aytib, aholini hotirjamlikka chaqirgandi.

IIBning yozishicha, internetda ba’zi fuqarolar mazkur holat haqida yolg‘on axborot tarqatib, odamlarning tinchini buzib, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.

Holat yuzasidan Shahrisabz tumanida yashovchi D.U., N.A. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 244⁶-moddasi 3-qismi “b” bandi (Ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda yolg‘on axborot tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.