Bir necha oy davomida Rossiya qo‘shinlari qurol va o‘q-dorilar yetishmayotgan Ukraina qo‘shinlariga qarshi faqat “cheklangan darajadagi muvaffaqiyatlarga” erishdi, deb yozmoqda Bloomberg.

Hozirda Amerika va Yevropa ittifoqchilaridan Ukrainaga qurol yetkazib berish qayta boshlanganidan so‘ng Rossiya Ukraina shaharlaridagi energetika infratuzilmasiga raketa va dronlardan zarba berishda davom etayotgan bo‘lsa-da, “Rossiya yutug‘i uchun oynalar yopilib bormoqda”, — deyiladi materialda.

Agentlikning qayd etishicha, Rossiyaning Xarkov viloyatida yangi front ochishga urinishi Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan belgilab berilgan chegara bo‘ylab bufer zona yaratish maqsadiga erisha olmagani uchun “boshi berk ko‘chaga kirib qolgan”.

Rossiya qo‘shinlari, shuningdek, fevral oyida Ukrainaning Avdeyevka shahrini “katta yo‘qotishlar evaziga” qo‘lga kiritganidan so‘ng “juda kam muvaffaqiyatga erishdi” va so‘nggi bir necha hafta ichida ular sharqiy Donetsk viloyatidagi Chasov Yar shahrini egallashga harakat qildi, deb qayd etadi Bloomberg.

“Bu Putin uchun tobora jiddiy muammoga aylanib bormoqda, chunki armiyaning harbiy ustunligi zaiflasha boshlamoqda”, — deyiladi maqolada. Mutaxassislar tomonidan Rossiya qo‘llayotgan “qirg‘inbarot urush” strategiyasi Rossiya armiyasining o‘zi uchun “juda qimmat va qonli” deya baholanmoqda.

Bloomberg nashrining ta’kidlashicha, AQSh Kongressi Kiyevga uzoq kutilgan 61 milliard dollarlik yordam paketini ma’qullaganidan so‘ng Ukrainaga qurol-yarog‘lar kirib kelgani sababli muvozanat o‘zgara boshlagan. Shu bilan birga, agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, yetkazib berishning kechikishi davrida Ukraina qo‘shinlari Rossiya armiyasining o‘n barobar ustunligiga qaramay, umuman olganda, chiziqni ushlab tura olgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Rossiyaning Xarkov viloyatidagi hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ma’lum qildi. “Ahamiyatli natija shundaki, Rossiya armiyasi Xarkov operatsiyasini amalga oshira olmadi. Biz hozir ularni imkon qadar ushlab turamiz va yerimizga kirib, Xarkov viloyatini vahimaga solayotgan rus bo‘linmalarini yo‘q qilamiz. Bu yo‘nalish mustahkam va yanada mustahkamroq bo‘ladi”, — degan u.

Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy o‘tgan hafta Rossiya bir necha frontda, jumladan, Xarkovda ham hujumlar davom etayotganini va vaziyat “qiyinligicha qolayotganini” aytgandi.

  • Rossiya 10-may kuni Xarkov viloyatining shimoli-sharqiy hududlariga yangi hujum boshlagan. Uning asosiy maqsadi, tahlilchilarning fikriga ko‘ra, 10 km bufer zonasini yaratish va Ukraina kuchlarini frontning boshqa sektorlaridan chalg‘itish bo‘lgan.
  • Bu Rossiyaning Xarkov viloyatida hujum uyushtirishga ikkinchi urinishi bo‘ldi. Rossiya armiyasi keng ko‘lamli bosqinning avvalida mintaqaning chegara hududlarini egallab olgan, ammo Ukraina Qurolli kuchlari 2022-yil kuzida muvaffaqiyatli qarshi hujum paytida ularni qaytarib olgandi.