Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1-iyun holatiga O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari may oyida 1 mlrd 526 mln dollarga oshgan holda 36 mlrd 634 mln 300 ming dollarni tashkil etdi.

Regulyator o‘tgan oyda valyuta zaxiralari 1 mlrd 244 mln 900 ming dollarga ko‘payib, 9 mlrd 266,6 mln dollarni tashkil etganini bildirdi. Yil boshidan hisoblaganda, valyuta zaxiralari 102,9 mln dollarga kamaydi.

Shuningdek, may oyida ilk bor zaxiralar tarkibida qimmatli qog‘ozlar paydo bo‘ldi (35 mln dollarlik). Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan ilk bor zaxiralarni diversifikatsiya qilish maqsadida xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga birlamchi investitsiya kiritilib, tegishli portfellar shakllantirilgani xabar qilingandi. Mazkur amaliyot Jahon banki missiyasining tashrifi doirasida yuz berdi.

Markaziy bankdagi oltin zaxiralari qiymati may oyi davomida 278,8 mln dollarga oshib, 26 mlrd 812,4 mln dollarni tashkil etdi. Zaxiradagi oltinning fizik hajmi 0,1 mln troy unsiyaga (3,1 tonna), ya’ni 11,4 mln troy unsiyagacha (354,58 tonna) kamaydi.

1-maydan 20-maygacha oltin kotirovkalari bir unsiya uchun 2324 dollardan 2426 dollargacha (+4,3 foiz) ko‘tarildi va tarixiy eng yuqori darajaga chiqdi. Oyning so‘nggi o‘nkunligida esa narxlarda pasayish kuzatildi (2329 dollargacha).

Skrin: goldprice.orgSkrin: goldprice.org

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil yakuni bo‘yicha mamlakatning “moliyaviy yostiqchasi” 1,2 mlrd dollarga kamayib, 34,56 mlrd dollarni tashkil qildi. Yil yakuniga ko‘ra zaxiralarning qisqarishi 2018-yildan beri birinchi marta ro‘y berdi. Oltinning fizik hajmi yil davomida deyarli 25 tonnaga kamaydi.