6-iyun kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida (Qozog‘iston) “Nelegal-2024” reyd tadbirlari davomida 27 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

O‘zbekiston bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, ular noqonuniy ishlagani va Qozog‘istonda bo‘lib turish qoidalarini buzganlikda gumon qilinib ushlangan. Mazkur holat bo‘yicha Olmaota shahridagi bosh konsulxona tomonidan vakolatli organlarga tegishli so‘rov yuborilgan.

Xususan, shahar politsiyasi bilan aloqa o‘rnatilib, konsullik tomonidan kerakli chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Shundan so‘ng, 10-iyun kuni fuqarolar o‘z ish joylariga qaytarilgan.

Ulardan 4 nafariga mehnat migratsiyasi sohasi bo‘yicha qonunchilikni buzgani uchun sud tomonidan ma’muriy javobgarlik tayinlangan, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 3-iyundan Qozog‘istonning barcha hududlarida migratsiya sohasida huquqbuzarlikni aniqlash maqsadida “Nelegal-2024” reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. Jarayon davomida mamlakat hududida qonuniy bo‘lib turish va qonuniy mehnat migratsiyasi tartibini buzgan chet el fuqarolariga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda.

May oyi boshida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarni O‘zbekiston-Qozog‘iston yoki Rossiya-Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishda nafaqat Qozog‘iston, balki Rossiya hududiga kirishda ham hech qanday to‘siq yo‘qligiga oldindan ishonch hosil qilish zarurligi haqida ogohlantirgandi.