10-iyun kuni soat 08:10 atrofida Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi yerosti tunnelida yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, tumanning Afrosiyob va Sharof Rashidov ko‘chalari kesishmasida joylashgan tunnelda elektr simlarini tutashi kuzatilgan. Bu poytaxtning markaziy qismlarida svetoforlar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgani aytilmoqda.

Voqea joyiga 9 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 08:15 da yetib borib, soat 09:08 da qurshab olingan. Hodisa soat 09:15 da bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida tan jarohati olish va halok bo‘lish holatlari qayd etilmadi. Voqea joyiga favqulodda vaziyatlar vaziri yetib borgan, deyiladi xabarda.

Toshkent metropoliteni matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yong‘inning metropoliten tizimiga bog‘liqlik holati mavjud emas. Sodir bo‘lgan hudud yaqinidagi “Kosmonavtlar” bekatidagi barcha qurilmalar normal holatda ishlamoqda.

“Toshkent shahar elektr tarmoqlari” kompaniyasining soat 10:38 da chiqargan xabariga ko‘ra, hodisa 35/10/6 kVli “O‘zbekiston” podstansiyasidan chiquvchi kabel tarmog‘i shikastlanishi sabab yuzaga kelgan. Vujudga kelgan holat bartaraf etilgunga qadar iste’molchilar to‘liq boshqa tarmoqqa o‘tkazilgan.

Ayni paytda Yakkasaroy tumanining Konstitutsiya va Yunus Rajabiy mahallalari hamda Mirobod tumanining Abdulla Avloniy va At-Termiziy mahallalaridagi aholi iste’molchilari elektr energiyasidan uzilgan.

Mazkur vaziyat sabablari aniqlanmoqda, deyiladi xabarda. Adliya vazirligi esa soat 11:31 da hodisa sababli Davlat xizmatlarida pasport va manzil bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatishda uzilishlar bo‘layotganini bildirdi.

2023-yil 28-noyabr kuni ham ushbu hududda yong‘in chiqib, atrofni tutun qoplagandi. O‘shanda ham kabellardagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgani aytilgandi.