AQSh Davlat departamenti “xorijiy agentlar to‘g‘risida"gi qonun nomi bilan mashhur bo‘lgan “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida"gi qonun loyihasining qabul qilinishi munosabati bilan o‘nlab Gruziya fuqarolari uchun viza cheklovlari joriy etilganini e’lon qildi.

“Viza cheklovlarining birinchi ro‘yxatiga [hukmron] „Gruziya orzusi“ partiyasi a’zolari, parlament a’zolari, huquq-tartibot idoralari xodimlari va oddiy fuqarolar kiradi”, — dedi Davlat departamenti matbuot kotibi Mettyu Miller brifingda.

U sanksiya qo‘llangan shaxslarning aniq sonini ochiqlamadi, ammo gap 20−30 kishi haqida ketayotganiga aniqlik kiritdi. Ularning ismlari ham oshkor etilmagan.

“Biz Gruziya rahbarlari o‘z harakatlarini qayta ko‘rib chiqishi va o‘z mamlakatlarining uzoq vaqtdan beri bildiriladigan demokratik va yevroatlantik intilishlari tomon oldinga siljish uchun qadam tashlashiga umid qilamiz, — deya qo‘shimcha qildi Miller. — Agar bunday qilishmasa, AQSh qo‘shimcha choralar ko‘rishga tayyor”.

Tbilisi meri va “Gruziya orzusi” bosh kotibi Kaxa Kaladze “hech kim sanksiyalardan qo‘rqmasligini” va ular “Vatanga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirmasligini” aytdi.

  • “Xorijiy agentlar to‘g‘risida"gi mashhur qonun “Gruziya orzusi” tashabbusi bilan may oyining o‘rtalarida Gruziya parlamenti tomonidan qabul qilingandi. Hujjat mamlakatda ommaviy noroziliklar keltirib chiqargan, shuningdek, AQSh va Yevropa Ittifoqining tanqidiga sabab bo‘lgan. Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili qonunga veto qo‘ygan, biroq parlament ko‘pchilik ovoz bilan uni bekor qilishga muvaffaq bo‘lgandi.
  • Qonun moliyalashtirishning 20 foizdan ortig‘ini xorijdan oladigan NNT va OAVni “xorijiy davlat manfaatlarini ilgari suruvchi tashkilot” sifatida davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyatini yuklaydi. Muxolifat vakillari va mahalliy OAV ushbu hujjatni Rossiyaning xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunchiligiga o‘xshashligi uchun “xorijiy agentlar to‘g‘risida"gi qonun deb atamoqda. Ularning ta’kidlashicha, qonun Gruziyadagi tanqidiy ovozlarni bostirish va mamlakatning YeIga qo‘shilish imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarishga urinish hisoblanadi.
  • 23-may kuni AQSh Davlat departamenti ushbu qonunning qabul qilinishiga javoban Gruziyaga nisbatan viza cheklash siyosatini joriy qilayotganini e’lon qilgandi. Departament bayonotida aytilishicha, cheklovlar Gruziyadagi “demokratiyaga putur yetkazish"da aybdor bo‘lganlar yoki ularning sheriklari hamda oila a’zolariga nisbatan qo‘llanadi.
  • Ayrim YeI davlatlari ham “xorijiy agentlar to‘g‘risidagi” qonun tufayli Gruziyaga qarshi sanksiyalar kiritish haqida o‘ylamoqda. Ehtimoliy variantlar orasida Gruziya fuqarolari uchun YeIda vizasiz rejimni bekor qilish (2017-yildan beri amalda), maqsadli sanksiyalar va YeI fondlari mablag‘larini muzlatish bor.