Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-may kuni Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida yangi loyiha asosida ta’mirlangan avtomobil yo‘lini ko‘zdan kechirdi.

Buxoro viloyatida 15,5 ming km avtomobil yo‘llari mavjud bo‘lib, shundan 486 kilometri xalqaro ahamiyatga ega. Ularda kuniga o‘rtacha 45−50 mingta transport vositalari harakatlanadi.

Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi avtomobil yo‘lining Qorako‘l tumanidan o‘tgan bir qismi “namunaviy shaklga keltirildi”. Davlat rahbari 29-yanvarda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida yo‘llarni sifatli qurish, ko‘chalar bo‘yida xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.

Loyihaga ko‘ra, 19 metr bo‘lgan 4 tasmali yo‘l yangicha qatlamli asfalt-beton bilan qoplangan, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

yo‘llar

Masalan, hozirgi an’anaviy asfalt yo‘llar 15 yil atrofida qayta qurilsa, yangi loyiha bo‘yicha 20 yilgacha xizmat qiladi. Ularni joriy ta’mirlash oralig‘i ham uzayadi. Yana bir samarali tomoni — ta’mirlash jarayonida yo‘l qatlamlarini o‘sha joyning o‘zida qayta ishlab, yangilash mumkin bo‘ladi.

Davlat rahbari loyihani yanada kengaytirish zarurligini ta’kidladi. “Asosiy vazifa — yo‘llarda sifat va madaniyatni ta’minlash”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

yo‘llar

Bu yerda yondosh shoxobcha yo‘l ham qurilgan. Yangi belgilar, elektron tablo va quyosh panelli yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Yo‘l bo‘yiga manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan.

Prezident daraxt ekish yo‘l qurilishi bilan birga olib borilishi shart ekanini ta’kidladi.

Ilgari bir yilda o‘rtacha 250−300 km yo‘l ishlari bajarilgan bo‘lsa, birgina 2023-yilda 1255 km yo‘llar ta’mirlangan. Bu yil hudud bo‘yicha 1316 km yo‘lni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov O‘zbekistonda 4 ming kilometrga yaqin xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari borligini ma’lum qildi. Ushbu yo‘llarning aksariyati og‘irligi 8 tonnadan ortiq bo‘lmagan transport vositalari uchun mo‘ljallangan, ammo ularda og‘irligi 15 tonnadan ortiq yuk mashinalari ham harakatlanadi.

yo‘llar

“Bu yo‘llarni qanchalik sifatli qurmaylik, tez buzilishga, umrini qisqarishiga sababchi bo‘lyapti… Osiyo taraqqiyot bankidan 240 mln долларликимтиёзли jalb qilingan mablag‘lar hisobiga sement-beton qoplamali yo‘llarni qurishni boshladik. Yil yakuniga qadar barcha viloyatlarimizda ommaviy tarzda shunday yo‘llar qurishni boshlaymiz”, — dedi u “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, loyiha doirasida OTB ishtirokida Qoraqalpog‘iston va viloyatlarning 86 ta tumanida 841 kilometr yo‘llar sement-beton qoplama bilan yangidan quriladi. Bu manzillarga 770 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan 272 ta mahalla kiradi.

Yo‘l sifatini saqlab qolish uchun vaqti-vaqti bilan ruxsat etilgan chegaradan ortiq yuk olib ketayotgan transport vositalarining og‘irligini o‘lchaydigan ko‘chma tarozilar o‘rnatiladi. Taqdimotda aytilishicha, Slovakiyaning Betamont kompaniyasidan 8,4 mln yevroga (jumladan, 2,2 mln yevro grant) 14 ta tarozi xarid qilingan.

Ayni paytda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu yo‘lining Qashqadaryo viloyati bilan chegarasigacha bo‘lgan 78 kilometri rekonstruksiya qilinmoqda.

yo‘llar

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, mazkur bank bilan G‘ijduvon tumanidan Turkmaniston bilan chegaragacha bo‘lgan 155 kilometrlik avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish loyihasini ham tasdiqladi.