Shavkat Mirziyoyev 5-iyun kuni Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori doktor Ngozi Okonjo-Ivealani qabul qildi.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, uchrashuvda O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilishi borasida ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar muhokama qilingan.

Tomonlar qisqa muddat ichida ishchi guruhning ikkita yig‘ilishi o‘tkazilganini ta’kidlagan. A’zo mamlakatlar bilan faol muzokaralar olib borilmoqda, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash shartlari muhokama qilina boshlandi, milliy qonunchilikni tashkilotning me’yor va qoidalariga muvofiqlashtirish ishlari davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Shuningdek, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, elektron savdo va raqamli xizmatlar eksportini oshirish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etilgan.

Xabarda aytilishicha, siyosatchilar xalqaro savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha o‘zbekistonlik ekspertlarning salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratgan.

“Shu ma’noda JSTning ko‘magi bilan O‘zbekistonda Savdo siyosati bo‘yicha kompetensiya markazini tashkil etish taklif etildi”, — deyiladi unda.

Davlat rahbari JST bosh direktorini davra suhbatida ishtirok etgani va O‘zbekistonning yetakchi universitetlari talabalari bilan uchrashgani uchun minnatdorlik bildirib, unga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining faxriy doktori unvoni berilgani bilan tabriklagan.

Yakunda Ngozi Okonjo-Iveala O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.