O‘zbekistonning davlat budjeti defitsiti yilning dastlabki 5 oyida 29,3 trln so‘mni tashkil etdi, bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi keltirgan infografikadagi ma’lumotlardan kelib chiqadi.

Infografika: Iqtisodiyot va moliya vazirligiInfografika: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

May oyida davlat budjeti daromadlari 22 trln 749 mlrd so‘mni, xarajatlari esa 26 trln 565 mlrd 200 mln so‘mni tashkil etdi (salbiy farq 3 trln 816 mlrd 200 mln so‘m). Xarajatlar tarkibida Davlat maqsadli jamg‘armalariga o‘tkazilgan transfertlar inobatga olingan. Daromad va xarajatlar orasidagi farq oy boshiga shakllangan qoldiq va aprel oyida muomalaga chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlari hisobiga qoplangan.

Jadval: Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlari asosida “Gazeta.uz”.Jadval: Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlari asosida “Gazeta.uz”.

Avvalroq “Gazeta.uz” yanvar-aprel oylari oralig‘ida davlat budjeti defitsiti 25 trln so‘mdan ortiqni tashkil etgani xaqida xabar bergandi. Yilning birinchi choragidagi defitsit esa 19,8 trln so‘mga yetgan. Bu, “Gazeta.uz” hisobiga ko‘ra, kamida 12 yil davomidagi rekord ko‘rsatkichdir. Raqamlar, shuningdek, 2023-yilning birinchi choragiga nisbatan 1,7 barobar, 2022-yilga nisbatan esa qariyb 20 barobar ko‘p.

Yanvarda defitsit 5,8 trln so‘mni, fevralda 7,2 trln so‘mni, mart oyida esa 6,8 trln so‘mni tashkil qilgandi. budjet daromadlari 2023-yilning birinchi choragiga nisbatan 6,8 foizga, xarajatlari esa 19,3 foizga o‘sdi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda davlat budjeti daromadlari 270,4 trln so‘m, xarajatlari 280,7 trln so‘m, defitsit esa 10,3 trln so‘m bo‘lishi kutilmoqda.

Avvalroq xabar berganimizdek, 2023-yilda O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti defitsiti rekord daraja — 59 trln so‘mni (5 mlrd dollardan ortiq) tashkil etib, avvalgi yillardagi ko‘rsatkichlardan ancha yuqori bo‘ldi. O‘tgan yil oxirida hukumat xarajatlar chegarasini ushlab turolmagani sababli parlament orqali limitni oshirgandi.

Konsolidatsiyalashgan budjet davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (suveren fond) mablag‘larini o‘z ichiga oladi.

O‘zbekistonda davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar miqdori 2 yil ichida 5 baravarga — 5,63 trln so‘mdan 29,25 trln so‘mga (2,5 mlrd dollar) oshdi. 18 trln so‘m gaz sotib olish va sotish o‘rtasidagi farqni qoplashga, 1,02 trln so‘m geologiya-qidiruv ishlariga sarflangan.

2023-yil yakuniga ko‘ra, davlat organlari, adliya, prokuratura va sudlar, shuningdek, mahallalarni saqlash va NNTlarni qo‘llab-quvvatlash xarajatlari 24,5 foizga oshib, 17 trln so‘mni tashkil etdi. 2024−2025-yillarda ham ularni saqlash xarajatlarini oshirish rejalashtirilgan.