Gruziya parlamenti spikeri Shalva Papuashvili respublika prezidenti Salome Zurabishvili veto qo‘ygan “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda “Meduza” yozmoqda. Hujjat imzolangandan keyin darhol kuchga kiradi.

“Xorijiy agentliklar to‘g‘risida”gi qonun

Qonun “xorijiy agentlar” reyestrini yaratishni nazarda tutadi, unda 20 foizdan ortiq xorijdan moliyalashtiriladigan barcha notijorat yuridik shaxslar va ommaviy axborot vositalari ko‘rsatiladi. Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi uni ikki marta parlamentga kiritgan. 2023-yil mart oyida, birinchi marta joriy qilinganidan so‘ng, u ko‘plab noroziliklar tufayli bekor qilingandi. Biroq 2024-yil aprel oyida “Gruziya orzusi” uni qayta kiritgan.

May oyi oxirida Gruziya parlamenti mamlakat prezidenti Salome Zurabishvilining “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi rezonansli qonunga qo‘ygan vetosini chetlab o‘tgandi. Hukmron partiya ommaviy noroziliklarga qaramay, hujjatni qabul qilgan. Yevropa Ittifoqi esa bundan “chuqur afsusdaligini” bildirgandi.

Ommaviy noroziliklarga qaramay, 14-may kuni Gruziya parlamenti “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Hukmron partiya ikkinchi urinishda hujjatni qabul qildirishga muvaffaq bo‘ldi. 2023-yili jamoatchilik tanqidi va ko‘plab mitinglar ortidan rasmiylar uni qaytarib olishga majbur bo‘lgandi.

Muxolifat vakillari va mahalliy ommaviy axborot vositalari ushbu hujjatni Rossiyaning xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunchiligiga o‘xshashligi uchun “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun deb atamoqda. Ularning ta’kidlashicha, qonun Gruziyadagi tanqidiy ovozlarni bostirish va mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarishga urinish hisoblanadi. Namoyishlardagi asosiy shior “Yevropaga — ha. Rossiya qonunlariga — Yo‘q”, bo‘ldi.

O‘z navbatida, “Gruziya orzusi” partiyasidan bo‘lgan mamlakat bosh vaziri Irakli Kobaxidze qonun grant oluvchilarning moliyaviy shaffofligini ta’minlash uchun zarurligini aytgan.

Yevropa Ittifoqi va AQShning munosabati

Yevropa Ittifoqi Gruziya parlamentining prezidentning “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunga qo‘ygan vetosini chetlab o‘tganidan “chuqur afsusda” ekanini bildirdi. Bayonotda aytilishicha, qonun Yevropa Ittifoqining asosiy tamoyillari va qadriyatlariga zid va bu Gruziyaning YeIga bo‘lgan yo‘liga “salbiy ta’sir ko‘rsatadi”. Yevropa Ittifoqi va uning a’zolari “ushbu voqealarga javob berishning barcha variantlarini ko‘rib chiqmoqda”, deyiladi bayonotda.

Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari Gruziyaga qarshi sanksiyalar joriy etish haqida o‘ylamoqda. Mumkin bo‘lgan variantlar orasida Gruziya fuqarolari uchun YeIda vizasiz rejimni bekor qilish (2017-yildan beri amalda), nuqtali sanksiyalar va YeI fondlari mablag‘larini muzlatish kabi choralar bor.

AQSh Davlat departamenti avvalroq qonun qabul qilinishiga javoban Gruziyadagi “demokratiyaga putur yetkazish”da aybdor shaxslarga nisbatan viza cheklovlari joriy etilayotganini e’lon qilgandi. Vashington, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar va Gruziya o‘rtasidagi munosabatlarni har tomonlama ko‘rib chiqish jarayonini boshlab yuborgan.