Poytaxtdagi Tashkent City biznes markazi hududidagi “O‘zsanoatqurilishbank” (SQB), “Asakabank” va “Aloqabank"ning yangi ko‘p qavatli binolari ochiq savdo orqali sotiladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) xabar berdi.

KPMG savdo jarayonini tashkil qilish bo‘yicha konsultant sifatida jalb qilingan.

DABA sotuv jarayonlarini tashkillashtirishda tijorat banklari (aktiv egalari) va konsultant harakatlarini muvofiqlashtiradi.

Birinchi bosqichda konsultant tomonidan investorlarning mazkur aktivlarni sotib olishga bo‘lgan qiziqishlari o‘rganiladi.

“Bozordagi ushbu biznes markazlarini sotib olishga bo‘lgan qiziqishni o‘rganish KPMG tomonidan aktivlar to‘g‘risida tayyorlangan investitsion tizerlarni sohadagi investorlarga, shu jumladan, xalqaro investorlarga yuborish va ular bilan individual muloqotga kirish orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Investorlarning mazkur biznes markazlarini sotib olishga qiziqishlarini, shuningdek, sotib olish shakli, ya’ni binoni to‘liq sotib olish yoki lotlarga bo‘lgan holda sotib olish bo‘yicha fikrlarini o‘rganish orqali sotishga yondashuv mexanizmi ishlab chiqiladi”, — deyiladi xabarda.

aloqabank, asakabank, banklar, o‘zsanoatqurilishbank, tashkent city

“O‘zsanoatqurilishbank” umumiy maydoni 82,28 ming kvadrat metr bo‘lgan 33 qavatli binoga ega, “Asakabank"da — 66,2 ming kvadrat metr maydonga ega 26 qavatli bino, “Aloqabank"da — 81,44 ming kvadrat metr maydonga ega 26 qavatli bino mavjud.

2020−2022-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturida bu binolar “premium toifadagi bank ofis binolari” deb atalgan. “O‘zsanoatqurilishbank” obyekti 137 million dollar, “Asakabank"niki 102 million dollar, “Aloqabank"niki 100 million dollarga baholangan. Ushbu loyihalarga banklar o‘z mablag‘larini kiritgan.

E’tiborlisi, “O‘zsanoatqurilishbank” 33 qavatli biznes markazini sotuvga qo‘yayotgan bo‘lsa-da, bir vaqtning o‘zida poytaxtning Yashnobod tumanida savdo va ko‘ngilochar markaz, ofis va xonadonlardan iborat 21 qavatli bino qurmoqchi.