2023-yilning may oyidan beri odamlar antropogen iqlim o‘zgarishlari bo‘lmagan davrdagidan o‘rtacha 26 kun ko‘proq anomal issiqlikni boshdan kechirdi, deb yozadi The New York Times olimlarning yangi tadqiqotiga tayanib.

28-may kuni chop etilgan tahlil bir necha guruhlar o‘rtasidagi hamkorlik natijasi bo‘ldi: Qizil Xoch va Qizil Yarim oyning iqlim markazi Climate Central va ekstremal ob-havo hodisalarini o‘rganuvchi ilmiy tashabbus bo‘lgan World Weather Attribution (WWA). Tadqiqotchilar agar kunduzgi harorat 1991 va 2020-yillar oralig‘ida qayd etilgan kunduzgi haroratning 90 foizidan yuqori bo‘lsa, u anomal darajada issiq, deb hisobladi.

Matematik modellashtirishdan foydalanib, olimlar faraziy ravishda, agar antropogen iqlim o‘zgarishi bo‘lmasa, g‘ayrioddiy issiq kunlar soni ancha kam bo‘lishini hisoblab chiqdi. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo aholisining qariyb 80 foizi kamida 31 kun davomida anomal issiqlikni boshdan kechirgan.

Tadqiqot mualliflari sayyora isishining asosiy sababi sifatida qazib olinadigan yoqilg‘ilarning yonishini ko‘rsatmoqda, bu atmosferada issiqlikni ushlab turuvchi gazlar miqdorining oshishiga olib kelgan.

Qo‘shimcha issiq kunlar soni mintaqadan mintaqaga farq qiladi, qayd etadi tadqiqot. Ba’zi mamlakatlarda bu faqat ikki yoki uch hafta. Boshqalarda, jumladan, Kolumbiya, Indoneziya va Ruandada farq 120 kundan ortiq. AQShda 39 ta rekord issiq kun qayd etilgan.

Olimlar, shuningdek, o‘tgan yilning may oyidan buyon sayyora qancha issiqlik to‘lqinlarini boshdan kechirganini ham hisoblab chiqdi. Ular Antarktidadan tashqari har bir qit’ada 90 ta davlatga ta’sir qiluvchi 76 ta epizodni aniqladi.

Avvalroq Kembrij universiteti (Buyuk Britaniya) va Iogann Gutenberg universiteti (Germaniya) olimlari 2023-yilning yozi Shimoliy yarimsharda so‘nggi ikki ming yillikdagi eng issig‘i bo‘lganini aniqlagan edi.

Meteorologlar, shuningdek, 2023-yilni sayyora iqlimini hujjatlashtirilgan kuzatish boshlangan 1850-yildan beri eng issiq yil deb tan olgan.