O‘zbekistonda tadbirkorlarga berilayotgan subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarni optimallashtirish va samaradorligini ta’minlash bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilmoqda. Bu prezidentning 24-maydagi qarorida nazarda tutilgan.

Unga bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov rahbarlik qiladi. Uning tarkibiga Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, Hisob palatasi birinchi o‘rinbosari Mehriddin Abdullayev, adliya vaziri Akbar Toshqulov, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, bandlik vaziri va jami 22 kishi kiradi.

Komissiyaga 1-oktabrga qadar Prezident administratsiyasiga amaldagi barcha qo‘llab-quvvatlash choralarini xatlovdan o‘tkazgan holda, ularning iqtisodiyotga va sog‘lom raqobat muhitiga ta’sirini tahlil qilish hamda samaradorligini baholash natijalari bo‘yicha tubdan qayta ko‘rib chiqib, tegishli takliflar kiritish topshirildi. 2021-yilda imtiyozlarning umumiy hajmi 51 trln so‘mni tashkil etgandi.

Ushbu takliflar tuman va shahar toifasidan kelib chiqib, tadbirkorlik subyektlariga qo‘llab-quvvatlash choralarini qo‘llash tartibi natijadorligini baholashni, shuningdek, qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etishda tadbirkorlik subyektlari tomonidan erishilishi lozim bo‘lgan aniq maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilash tartibini joriy etishni o‘z ichiga olishi kerak.

Shuningdek, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladigan sohalar, tarmoqlar va faoliyat yo‘nalishlari doirasini aniq belgilash, qonunchilik hujjatlariga imtiyozlar va preferensiyalar tushunchasi, turlari va shakllarini to‘liq ifodalaydigan normalarni kiritish, qo‘llab-quvvatlash choralaridan foydalanish samaradorligini monitoring qilish va baholash, maqsadsiz foydalanilgan mablag‘larni majburiy tartibda qaytarish tartibini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Imtiyozlardan foydalanish samaradorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar muntazam ravishda ochiq manbalarda e’lon qilinishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, tahlil va baholash natijalariga ko‘ra samarasiz deb topilgan imtiyozlar, subsidiyalar va preferensiyalar bekor qilinishi belgilandi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi har yili 1-iyulga qadar qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarining sog‘lom raqobat muhitiga ta’sirini baholab, baholash natijalarini Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga taqdim etishi shart.

1-iyulga qadar soliq va bojxona imtiyozlarini berish uchun asos bo‘lgan hujjatlar (litsenziyalar, sertifikatlar va boshqalar)ning haqiqiyligi va ishonchliligini tasdiqlash uchun Soliq va bojxona qo‘mitalari bilan ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

2025-yil 1-yanvardan boshlab “subsidiya.mf.uz” platformasida tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarining turlari, muddatlari va tartibini o‘z ichiga olgan alohida reyestrni joriy etish topshirildi.

Xuddi shu qarorda tadbirkorlik subyektlariga ularning barqarorlik reytingiga qarab imtiyozlar berish tartibi belgilab qo‘yildi.

O‘zbekistonda ikki yil ichida davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar miqdori besh baravarga — 5,63 trillion so‘mdan 29,25 trillion so‘mga (2,5 milliard dollar) oshdi. 18 trillion so‘m gaz sotib olish va sotish o‘rtasidagi farqni qoplashga, 1,72 trillion so‘mi issiqlik energiyasiga yetkazilgan zararni qoplashga, 1,02 trillion so‘mi geologiya-qidiruv ishlariga yo‘naltiriladi.