Gruziya parlamenti ko‘pchilik ovozi bilan mamlakat prezidenti Salome Zurabishvilining “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun nomi bilan tanilgan “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonunga qo‘ygan vetosini chetlab o‘tdi, deya xabar berdi Paper Kartuli.

Vetoni chetlab o‘tish uchun 84 nafar deputat yoqlab, 4 nafari esa qarshi ovoz berdi. Aksariyat muxolifat vakillari norozilik sifatida yig‘ilishni tark etib, parlament oldidagi mitingga qo‘shildi, deb yozdi NewsGeogia.

Konstitutsiyaga ko‘ra, qonun endilikda uch kun ichida prezidentga imzolash uchun qaytarib yuboriladi. Agar u buni yana rad etsa, parlament spikeri qonunni imzolashi mumkin bo‘ladi. Bu lavozimni hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi vakili Shalva Papuashvili egallab turibdi.

Qonun kuchga kirishi bilan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari Konstitutsion sudga jamoaviy da’vo bilan murojaat qilishi mumkin. Qonun sudda ko‘rib chiqilayotgan davrda uning amal qilishi to‘xtatib turilishi mumkin, deya aniqlik kiritdi Paper Kartuli.

Parlament majlisi navbatdagi miting fonida bo‘lib o‘tdi. Deputatlar namoyishchilarning hushtaklari ovozi ostida parlament binosini tark etdi.

“Xorijiy agentliklar to‘g‘risida”gi qonun

Ommaviy noroziliklarga qaramay, 14-may kuni Gruziya parlamenti “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Hukmron partiya ikkinchi urinishda hujjatni qabul qildirishga muvaffaq bo‘ldi. 2023-yili jamoatchilik tanqidi va ko‘plab mitinglar ortidan rasmiylar uni qaytarib olishga majbur bo‘lgandi.

Qonun moliyalashtirishning 20 foizdan ortig‘ini xorijdan oladigan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarini “xorijiy davlat manfaatlarini ilgari suruvchi tashkilot” sifatida davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyatini yuklaydi.

Muxolifat vakillari va mahalliy ommaviy axborot vositalari ushbu hujjatni Rossiyaning xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunchiligiga o‘xshashligi uchun “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun deb atamoqda. Ularning ta’kidlashicha, qonun Gruziyadagi tanqidiy ovozlarni bostirish va mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarishga urinish hisoblanadi. Namoyishlardagi asosiy shior “Yevropaga — ha. Rossiya qonunlariga — Yo‘q”, bo‘ldi.

O‘z navbatida, “Gruziya orzusi” partiyasidan bo‘lgan mamlakat bosh vaziri Irakli Kobaxidze qonun grant oluvchilarning moliyaviy shaffofligini ta’minlash uchun zarurligini aytdi.

Yevropa Ittifoqi va AQShning munosabati

Yevropa Ittifoqi Gruziya parlamentining prezidentning “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunga qo‘ygan vetosini chetlab o‘tganidan “chuqur afsusda” ekanini bildirdi. Bayonotda aytilishicha, qonun Yevropa Ittifoqining asosiy tamoyillari va qadriyatlariga zid va bu Gruziyaning YeIga bo‘lgan yo‘liga “salbiy ta’sir ko‘rsatadi”. Yevropa Ittifoqi va uning a’zolari “ushbu voqealarga javob berishning barcha variantlarini ko‘rib chiqmoqda”, deyiladi bayonotda.

Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari Gruziyaga qarshi sanksiyalar joriy etish haqida o‘ylamoqda. Mumkin bo‘lgan variantlar orasida Gruziya fuqarolari uchun YeIda vizasiz rejimni bekor qilish (2017-yildan beri amalda), nuqtali sanksiyalar va YeI fondlari mablag‘larini muzlatish kabi choralar bor.

AQSh Davlat departamenti avvalroq qonun qabul qilinishiga javoban Gruziyadagi “demokratiyaga putur yetkazish”da aybdor shaxslarga nisbatan viza cheklovlari joriy etilayotganini e’lon qilgandi. Vashington, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar va Gruziya o‘rtasidagi munosabatlarni har tomonlama ko‘rib chiqish jarayonini boshlab yubordi.