Aprel oyida O‘zbekistonning eng yirik soliq to‘lovchilaridan bo‘lgan “O‘ztransgaz” kompaniyasining soliq tushumlari mart oyidagiga nisbatan 6,6 baravarga kamaydi. Bu Davlat soliq qo‘mitasining top-20 soliq to‘lovchilar bo‘yicha bergan ma’lumotlaridan kelib chiqadi.

Yanvar-aprel oylarida kompaniya 351,1 mlrd so‘m soliq to‘lagan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatning davlat ulushi mavjud korxonalari orasida 9-o‘rinni egallagan. Bu 2023-yilning shu davriga (614,2 mlrd. so‘m) nisbatan 1,8 barobar kam. Jumladan, kompaniya:

Yanvarda 117,9 mlrd so‘m (2023-yanvarida 195,5 mlrd so‘m);

Fevralda 86,7 mlrd so‘m (260,86 mlrd so‘m);

Martda 127,3 mlrd so‘m (83,9 mlrd so‘m);

Aprelda 19,2 mlrd so‘m (52,1 mlrd so‘m) soliq to‘lagan.

soliq tushumlari, ўзтрансgaz

Infografika: Davlat soliq qo‘mitasiInfografika: Davlat soliq qo‘mitasi

Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, tushumlarning asosiy qismi qo‘shilgan qiymat solig‘iga to‘g‘ri keladi — 2023-yilning yanvar-aprel oylarida 500,1 mlrd so‘m va 2024-yilning shu davrida 312,6 mlrd so‘m.

soliq tushumlari, ўзтрансgaz

Aprelda kompaniyaning davlat budjetiga QQS bo‘yicha to‘lovlari martdagi 127,4 mlrd so‘mga nisbatan 19,3 mlrd so‘mgacha tushib ketdi (2023-yil aprelida 63,2 mlrd so‘m bo‘lgan). O‘tgan oyda “O‘ztransgaz” yer, mulk, suv, foyda, aksiz, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq to‘lamagan. Shuningdek, kompaniyaga 146 mlrd so‘m jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i qaytarilgan.

Avvalroq moliyachi Otabek Bakirov korxonaga 67,5 mlrd so‘m soliq qaytarilgan bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi. Uning ta’kidlashicha, yanvar-mart oylari uchun hisobotda jami tushum 418,6 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bir oydan keyin bu ko‘rsatkich 351,1 mlrd so‘mgacha kamayib qolgan.

Dastlab soliq qo‘mitasi kompaniya yanvar-mart oylarida 418,6 mlrd so‘m soliq to‘lagani bo‘yicha ma’lumot bergandi. Lekin keyinchalik Qo‘mita bu davrda “O‘ztransgaz”dan budjetga 418,6 mlrd so‘m soliq tushumi kutilgani (prognoz), haqiqatda esa 331,9 mlrd so‘m to‘langanini ma’lum qildi.

Qo‘mitaning tushuntirishicha, mas’ul xodimlar e’tiborsizligi sababli mazkur jamiyat tomonidan haqiqatda to‘langan emas, tushishi kutilgan soliq summasi taqdim etilgan.

2016-yilda “O‘ztransgaz”ning foydasi 1,8 trln so‘mni tashkil qilgan. Keyingi yillarda kompaniya faqat zarar ko‘rgan: 2017-yil — 1 trln so‘m, 2018-yil — 4,4 trln so‘m, 2019-yil — 4,7 trln so‘m, 2020-yil — 3,5 trln so‘m, 2021-yil — 2,5 trln 200 mln so‘m, 2021-yil — 2,5 trln 272 mln so‘m.

“Gazeta.uz” kompaniya matbuot xizmatiga soliq tushumlari kamayishi sabablarini tushuntirishni so‘rab, so‘rov yubordi. Kompaniya matbuot xizmati bu bo‘yicha rasmiy izoh berilishini ma’lum qildi.

“O‘zbekneftgaz” bilan bitimlar

Soliq tushumlarining keskin kamayishi “O‘zbekneftgaz” va “O‘ztransgaz” o‘rtasidagi so‘nggi bitimlardan so‘ng yuz berdi.

Kompaniya tomonidan 29-mart kuni e’lon qilingan korporativ ma’lumotlarga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” gazni magistral gaz quvurlari orqali tranzit qilish va tashish bo‘yicha yagona operator hisoblangan “O‘ztransgaz”ning 46,8 foiz ulushini 292,8 milliard so‘mga sotib olgan.

Bitim birjadan tashqarida tuzilgan, aksiyalar nominal qiymatda 1000 so‘mdan sotilgan. Uch kundan so‘ng (1-aprel) “O‘zbekneftgaz” Uz-Kor Gas Chemical va KPMG Valuation and Consulting qo‘shma korxonasi bilan “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatining 1 ta oddiy aksiyasini baholash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan qo‘shimcha shartnoma tuzgan.

3-aprel kuni “O‘zbekneftgaz” gazni sotish bo‘yicha qarz shartnomasini imzoladi (quyidagi bitimlar bilan o‘zaro bog‘liq yirik bitim: газ sotish bo‘yicha qarz kelishuvi doirasida gaz qarzi bo‘yicha bosh kelishuv, qarzni boshqa shaxsga o‘tkazish va qimmatli qog‘ozlarni topshirish bo‘yicha shartnoma).

Ushbu bitim qiymati 10,02 trln so‘mni tashkil etadi (kompaniya sof aktivlarining 31 foizi, umumiysi — 32,2 trln so‘m). Otabek Bakirovning fikricha, “O‘zbekneftgaz” mazkur shartnomaga ko‘ra, shu summadagi qarzning sotib oluvchisiga aylandi.

“Demak, iqtisodiy mazmuni yo‘q va energetikadagi avvalgi tarkibiy islohotlarga zid moliyaviy sxemaga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” (Uz-Kor Gas Chemical kompaniyasining 50 foiziga egalik qiladi, “O‘ztransgaz”ning undan 1 mlrd dollar qarzi bor — tahr.) “O‘ztransgaz”ning qarzlaridan voz kechmoqda va uning aksiyadoriga aylanmoqda. Bu g‘alati bitimdan Uz-Kor Gas Chemical qanday benefit olayotganini qo‘shimcha hujjatlarsiz aniqlab bo‘lmaydi”, — dedi u.

3-aprel kuni “O‘zbekneftgaz” yana bir bitim — 2012-yil 19-maydagi aksiyadorlik shartnomasiga qo‘shimcha №7 bitimni imzoladi, biroq uning mazmuni oshkor etilmagan.

“Gazeta.uz” manbasiga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” “dividendlar”ni hisobga olgan holda “O‘ztransgaz”ning qarzini hisobdan chiqargan, biroq bu jarayon uchun zaxiralar yaratilgan yoki yo‘qligi noma’lum.

2023-yil sentabrida O‘zbekiston Janubiy Koreyaga Qoraqalpog‘istondagi Surg‘il konidan gaz qazib oluvchi Uz-Kor Gas Chemical qo‘shma gaz loyihasi bo‘yicha to‘lanmagan 1 mlrd dollar qarzini qoplashga rozi bo‘lgandi.

“O‘ztransgaz” kompaniyasining (chet el kompaniyalaridan gazni eksport narxlarida sotib olib, ichki bozorga arzonlashtirilgan narxlarda sotuvchi) ishlab chiqarilgan gaz uchun Uz-Kor Gas Chemical kompaniyasi oldida 1 mlrd dollar qarzi yig‘ilib qolgan. Valyuta bozori liberallashtirilib, so‘mning dollarga nisbatan rasmiy kursi 2 barobarga qadrsizlangan 2017-yildan buyon valyuta taqchilligi katta bo‘lishidan xavotirlar tufayli to‘lovlar amalga oshirilmagan.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov avvalroq “Gazeta.uz”ga paydo bo‘layotgan taxminlarni izohlab, “O‘ztransgaz”ning ishonchli boshqaruvga o‘tkazilishi ehtimoli haqida eshitmaganini aytgandi.