Rossiya O‘zbekiston ko‘llarida ikkita gidro to‘plash elektr stansiyalari (GTES) qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 27-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.

“Gidroenergetika sohasida hamkorlik istiqbollari mavjud. „Rusgidro“ O‘zbekistonga mamlakat energetika balansini tenglashtirish va O‘zbekistonning butun energetika tizimi uzluksiz ishlashini ta’minlashga yordam beradigan moslashuvchan ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishda ko‘maklashmoqda”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Kun tartibida Aydarko‘l va Qorateren ko‘llarida umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan gidro to‘plash elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha ikkita yirik loyiha bor”.

E’tiborlisi, o‘tgan yilning iyul oyida “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati rahbari Abdug‘ani Sanginov Xitoyning China Southern Power Grid kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, ular bilan 820 MVt quvvatga ega uchta GTES qurish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolagandi va loyihalar orasida Qorateren ko‘li (500 MVt) ham bo‘lgandi.

Shuningdek, kompaniyalar o‘rtasida “Yuqori Pskem” gidro to‘plash elektr stansiyasini birgalikda qurish bo‘yicha shartnoma ham imzolangandi.

GTESlar boshqa elektr stansiyalardan olinadigan elektr energiyasini suvning potensial energiyasiga aylantirib (akkumulyatsiyalab), keyin zarur bo‘lganda uni qayta elektr energiyaga aylantirib energiya tizimi (energosistema)ga beradigan gidroelektr stansiyadir.

GTESning gidrotexnika inshootlari, asosan, baland-past joylashgan ikkita suv hovuzidan va biriktirish quvurlaridan iborat. Tarmoqlarda ortiqcha elektr energiya bor paytlarda ortiqcha energiya GTES uchun suvni pastki hovuzdan yuqoriga, akkumulyatsiyalovchi hovuzga ko‘tarishga sarflanadi. Elektr tarmoqlarida ko‘proq energiya talab qilinganda yuqori hovuzdagi suv quvurlardan GTESning turbina rejimida ishlaydigan gidroagregatlariga yuboriladi. GTESda olingan tok elektr tarmoqlarga qaytarib beriladi. Suv esa pastki hovuzga yig‘iladi.

O‘zbekiston prezidenti 2023-yil noyabr oyida umumiy quvvati 6000 MVt bo‘lgan GESlarni 2030-yilgacha kutmasdan ishga tushirish va xususiy sheriklik asosida yirik xorijiy energetika kompaniyalarini jalb etish bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqish topshirig‘ini bergandi.