Davlat aktivlarini boshqarish agentligi InterHotel MCHJdagi (International mehmonxonasi) 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish boshlanganini e’lon qildi.

Xususiylashtirish bo‘yicha konsultant sifatida Deloitte kompaniyasi jalb etilgan. Sotish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq bo‘lgan muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish usuli asosida tashkil etiladi.

Savdo jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi, jumladan, sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish (Express of interest), Majburiyatga ega bo‘lmagan taklif (NBO) hamda Majburiyatga ega bo‘lan taklif (BO) bosqichlari, yakuniy bosqichda taklif etiladigan qat’iy narx taklifining kamida 1 foizini kafolatli to‘lov sifatida amalga oshirilishi belgilanadi.

Arizalar 2024-yil 4-iyul soat 18:00 gacha (Toshkent vaqti bilan) qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 26-aprel kungi qarori bilan jarayonga 2024-yilning ikkinchi choragida konsultant jalb qilish, ommaviy savdolarni esa 2025-yil birinchi choragida e’lon qilish belgilangandi.

Mehmonxona haqida

Mehmonxona 1997-yilda Toshkentning Yunusobod tumanida qurilgan bo‘lib, dastlab InterContinental kompaniyasi tomonidan boshqarilgan. U O‘zbekistondagi birinchi besh yulduzli mehmonxona bo‘lgandi.

2012-yil may oyida 15 yillik faoliyatdan so‘ng mehmonxona brendi O‘zbekistonni tark etdi va mehmonxona International nomini olgan holda davlat tasarrufiga o‘tkazildi (2022-yilda InterContinental O‘zbekistonga qaytib, shahar markazida yangi mehmonxonani boshqarishni boshladi).

Mehmonxona 232 ta xona, 7 ta konferens zal, 2 ta restoran, barlar, yozgi terrasa, fitnes klub va basseynni o‘z ichiga oladi. U umumiy 3 gektar yer maydonida joylashgan bo‘lib, 44 ming 903 kvadrat metr maydondagi bino va inshootlarga ega.

Mehmonxona va Accor guruhi kompaniyasi bilan imzolangan sublitsenziya shartnomasiga ega bo‘lib, unda Mövenpick brendidan, shuningdek, TARS Accor Hotels tarmog‘ining bron qilish tizimi va boshqa IT tizimlaridan foydalanish huquqi mavjudligi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident O‘zbekistonda davlat obyektlarini xususiylashtirishni jadallashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi. 247 ta korxonadagi, shu jumladan, Humo to‘lov tizimidagi davlat ulushini, 1000 dan ortiq ko‘chmas mulk obyektlarini sotish va 12 ta yirik korxonalarning aksiyalarini ommaviy joylashtirish rejalashtirilgan. Sotilmay qolgan yer uchastkalarining narxi boschiqma-boschiq pasaytiriladi.

2024-yilda xususiylashtirish jarayonlarida 400 ta korxonadagi ulush, 800 ta korxonadagi ko‘chmas mulk va 2 ming gektar yer maydonlarini sotishdan 20 trln so‘m tushum kutilmoqda.