O‘zbekiston va Rossiya kam quvvatli atom elektr stansiyalari (KQAES) qurishda hamkorlik qilishi mumkin. Bu haqda Rossiya hukumatining dushanba kuni e’lon qilingan 22-maydagi qarorida aytilgan.

Hujjatda “Rosatom” davlat korporatsiyasiga O‘zbekiston tomoni bilan muzokaralar olib borish va kelishuvga erishilgandan so‘ng 2018-yil 19-oktabrdagi Moskva va Toshkent o‘rtasida O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi protokolni imzolash topshirilgan.

Bayonnoma loyihasiga ko‘ra, tomonlar O‘zbekistonda nafaqat ikkita energoblokli (har biri 1,2 GVt) 2,4 GVt quvvatga ega yuqori quvvatli atom elektr stansiyasini qurishda, balki “har biri 55 MVtgacha bo‘lgan, Rossiya dizayni bo‘yicha bosimli suv reaktoriga asoslangan va har biri 6 tagacha energiya blokidan iborat atom elektr stansiyalari” qurilishida ham hamkorlik qiladi.

Bunday quvvat suv bilan sovitiladigan yadro reaktoriga asoslangan RITM-200N reaktorga xos (55 MVt). Ushbu reaktorlar Rossiyaning atom muzyorar kemalarida qo‘llaniladi. Bunday birinchi atom elektr stansiyasini Yoqutistonda qurish rejalashtirilgan.

Avvalroq O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Atom energiyasini rivojlantirish agentligi negizida Atom energiyasi agentligi tashkil etilgani, u Energetika vazirligi tizimidan Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik. Agentlik korxonalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish, tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish, iqtisodiyotdagi loyihalarni moliyalashtirish huquqini oldi.

Bundan tashqari, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etilmoqda, u yadro energetikasi va yadro texnologiyalari obyektlari, shuningdek, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xavfsizlik siyosati uchun mas’uldir.