26−27-may kunlari Toshkentning ayrim ko‘chalarida avtotransport vositalarining harakatlanishiga cheklov kiritiladi, deb xabar qildi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati.

Bu “keng miqyosdagi xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi hamda ayrim ko‘chalarda obodonlashtirish va qurilish-montaj ishlari davom etayotgani munosabati bilan” deya izohlandi.

“Zarurat bo‘lmaganda, haydovchilarga Toshkent shahriga harakatlanmaslikni tavsiya qilamiz”, — deyiladi xabarda.

YHXX ayrim ko‘chalarda transport harakati cheklangan taqdirda, haydovchilardan “YPX xodimlarining talablariga, shuningdek, yo‘l belgilari vv chiziqlarga qat’iy rioya qilishni” so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, 26−27-may kunlari Rossiya prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi bo‘lib o‘tadi. Putin Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi yig‘ilishida ham ishtirok etadi.