2024-yilning dastlabki to‘rt oyida Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi bo‘lib qolmoqda, biroq Rossiya bu maqomni qaytarishga yaqin turibdi. Bu prezident huzuridagi Statistika agentligining “Gazeta.uz” o‘rganib chiqqan hisobotidan kelib chiqadi.

Yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 20,87 mlrd dollarni tashkil etdi, bu 2023-yilning shu davriga nisbatan 1,16 mlrd dollar yoki 5,9 foizga ko‘p. Eksport oltinni hisobga olgan holda 9 foizga — 8,49 mlrd dollargacha, oltinni hisobga olmaganda 5,07 mlrd dollargacha (+7,1 foiz), import esa 12,4 mlrd dollargacha (+3,9 foiz) oshdi.

Aprel oyida eksport oltin yetkazib berish hisobiga 6 foizga oshdi. Oltinni hisobga olmaganda, eksport 7 foizga kamayib, 1,38 mlrd dollarni tashkil etdi.

Rossiya bilan savdo hajmi 29,4 foizga oshdi va 3,84 mlrd dollarni tashkil etdi (2023-yilning yanvar-aprel oylarida o‘sish 15 foizni tashkil etgandi). To‘rt oy ichida O‘zbekistonning bu mamlakatga eksporti 1,02 mlrd dollarga (+25,8 foiz), importi esa 2,82 mlrd dollarga (+30,7 foiz) yetdi.

россия, tashqi savdo, tashqi savdo aylanmasi, хитoy

Rossiyaning O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi ulushi yil boshidan buyon quyidagicha o‘zgardi: yanvarda — 18,3 foiz, fevralda — 17,8 foiz, martda — 17,7 foiz, aprelda — 18,4 foiz. Bu davrda Xitoy ulushi 27,2 foizdan 19 foizgacha, Qozog‘istonniki 6,5 foizdan 5,9 foizgacha, Turkiyaniki 5,1 foizdan 4,4 foizgacha, Janubiy Koreyaniki 4,3 foizdan 3,3 foizgacha, Germaniyaniki 2,3 foizdan 1,7 foizgacha kamaydi.

Rossiyadan import ketma-ket uchinchi oyda yuqori sur’atlarda o‘sib bormoqda: fevralda 42,4 foizga (2023-yil fevraliga nisbatan), martda 22,5 foizga, aprelda 46,5 foizga. Xitoy bilan savdo aylanmasi 18,2 foizga oshdi, biroq mart oyida Xitoy tovarlari va xizmatlari importi 8,2 foizga kamaydi, aprelda esa atigi 2,37 foizga o‘sdi (yanvar oyida 7,56 foiz, fevralda esa 21 foiz o‘sish qayd etilgan).

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev e’tibor qaratganidek, aprel oyida Rossiyaga eksport hajmi 5 baravarga yoki 300,5 mln dollargacha (2023-yil apreliga nisbatan), Xitoyga eksport 21,6 foizga, Qozog‘istonga 39,4 foizga, Turkiyaga 7 foizga, Qirg‘izistonga 36,2 foizga, Tojikistonga eksport esa 20,1 foizga kamaygan.

Oylik hisobda Qozog‘istondan yetkazib berish hajmi ketma-ket o‘ninchi oy pasaymoqda, jumladan, ko‘rsatkich yanvarda 29,6 foizga (2023-yil yanvariga nisbatan), fevralda 16,7 foizga, martda 14,4 foizga, aprelda 27,3 foizga kamaygan.

Umuman olganda, yanvar-aprel oralig‘ida Qozog‘iston bilan savdo hajmi 1,22 mlrd dollarni tashkil etdi, bu 2023-yilning (-18,7 foiz, 1,5 mlrd dollar) va 2022-yilning (1,4 mlrd dollar) mos davridagi ko‘rsatkichdan kam va 2021-yildagi (1,22 mlrd dollar) bilan deyarli bir xil.

Turkiya bilan savdo hajmi 920,2 mln dollargacha (-15,8 foiz), Janubiy Koreya bilan 695 mln dollargacha (-13,3 foiz), Germaniya bilan 345 mln dollargacha (-56,3 foizga), (o‘tgan yili samolyot yetkazib berish hisobiga Germaniyadan yetkazib berishlar hajmida keskin o‘sish kuzatilgandi), Turkmaniston bilan 288,5 mln dollargacha (-8,7 foiz), Qirg‘iziston bilan 224,2 mln dollargacha (-32,4 foiz), Tojikiston bilan esa 198 mln dollargacha (-3,4 foiz) pasaydi.

To‘rt oy davomida Fransiya bilan savdo hajmi 1,5 baravarga oshib, 386,4 mln dollarga yetdi va bu orqali mamlakat O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari ro‘yxatida 10-o‘rindan 6-o‘ringa ko‘tarildi. O‘sish, asosan, 264,6 mln dollargacha o‘sgan O‘zbekiston eksporti hisobiga qayd etildi, bu ko‘rsatkich 2023-yilning mos davriga nisbatan (120,6 mln dollar) 2,2 barobar va 2022-yildagiga nisbatan (64,1 mln dollar) 4,1 barobar ko‘p hisoblanadi.

россия, tashqi savdo, tashqi savdo aylanmasi, хитoy

Fransiyaga eksport hajmining oshishini uran yetkazib berish hajmining ortishi bilan izohlash mumkin. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Toshkentga tashrifi chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ushbu masalani, jumladan, Orano kompaniyasi bilan birgalikda uran konlarida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish masalalarini muhokama qilgandi.

O‘zbekistonning Hindiston, AQSh, Afg‘oniston, BAA, Chexiya, Pokiston va Yaponiya kabi mamlakatlar bilan tovar aylanmasi hajmi ham oshib bormoqda.