May O‘zbekiston uchun kuchli yomg‘irlar va ular keltirib chiqargan suv toshqinlari bilan esda qolarli bo‘lmoqda (10 va 16-may sanalariga qarang). 24-may, juma kuni ham Toshkent shahrida bir necha soat yog‘ib o‘tgan yomg‘irlar yana yo‘llarni suvga to‘ldirdi. Bu esa, tabiiyki, tanish muammo va noqulayliklarni keltirib chiqardi.

O‘zgidromet kunlik prognozida kunduzi respublikaning ba’zi joylarida, jumladan, poytaxtda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi mumkinligidan ogohlantirgandi va shunday ham bo‘ldi.

Islom Karimova shohko‘chasidagi holat (“Xalqlar do‘stligi” metro bekati yaqini). Piyodalar o‘tish joyida suv to‘plandi.

Yunusobod tumani 6-dahadagi ko‘p qavatli uylar hovlilarini suv bosgani sababli harakat qiyinlashdi.

yomg‘ir, suv bosishи, тошкент

yomg‘ir, suv bosishи, тошкент

Maxtumquli ko‘chasi, yo‘lning notekis qimida biroz suv to‘plangan, yomg‘irlarning asosiy qismi ariqqa quyilmoqda.

Yuqumli kasalliklar shifoxonasi yaqinidagi kichik halqa yo‘lini ham suv bosdi. Bekatlarda yo‘lovchilar avtobusga chiqish-tushishda muammoga duch kelmoqda.

Yana bir shunday holat:

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov poytaxtda biroz kuchliroq yog‘ingarchilik ortidan doim bir manzilda suv bosish hodisalari kuzatilishiga e’tibor qaratdi (5-mayda ham aynan shu yo‘lni suv bosgan). “Bu aynan shu hududda drenaj tizimlari mavjud emasligi yoki umuman talab darajasida emasligini anglatadi”, deya ta’kidlagan meteorolog

Poytaxtning Mirobod tumani hokimligi noqulay ob-havo oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilayotganini ta’kidladi.

Chilonzorda ham Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan irrigatsiya ariqlari tozalandi.

Mirzo Ulug‘bek, Yakkasaroy, Sergeli tumanlari hokimliklari ham suv toshishi holatlariga qarshi ishlar olib borilgani haqida ma’lumot berdi.

Samarqand viloyatidagi mahalliy Telegram kanallar hududlarda suv bosish holatlari bo‘lgani haqida xabar bermoqda.

Ma’lumot uchun, 24-may kuni Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida ham ertalab ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ib o‘tdi. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida bo‘lsa kunning ikkinchi yarmida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti poytaxt irrigatsiya-drenaj tizimi obyektlarini elektron xaritaga tushirgan. 2023-yilning yozida mutaxassislar ushbu tizim nimalardan iborat ekani, nega Toshkentni muntazam suv bosayotgani va mazkur muammoni qanday hal qilish rejalashtirilayotgani haqida “Gazeta.uz”ga so‘zlab bergandi.