Rossiya prezidenti Vladimir Putin 26−27-may kunlari O‘zbekiston bo‘ladi, deb xabar berdi davlat rahbari yordamchisi Yuriy Ushakov.

“Hozircha aytishim mumkinki, bugun va ertaga (23−24-may) Belarusga, yakshanba va dushanba kunlari esa O‘zbekistonga tashrif bo‘ladi”, — degan Ushakov (“Interfaks” undan iqtibos keltirdi). Uning qo‘shimcha qilishicha, tomonlar bir nechta qo‘shma hujjatlar imzolashni rejalashtirmoqda.

Shavkat Mirziyoyev fevral oyi oxirida rossiyalik hamkasbini mamlakatga taklif qilgandi.

Putin beshinchi prezidentlik davridagi ilk xorijiy tashrifini Xitoyga amalga oshirdi. U 16-may kuni Pekinga borgandi va Xitoy rahbari Si Szinpin bilan avval tor, so‘ngra kengaytirilgan doirada muzokaralar o‘tkazgan.

Eslatib o‘tamiz, 21-may kuni Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin telefon orqali muloqot qilib, Rossiya prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini muhokama qilgani haqida xabar bergandik.

To‘ldirish

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati Rossiya prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan 26−27-may kunlari mamlakatda bo‘lishini tasdiqladi.

Bo‘lajak uchrashuv kun tartibidan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari o‘rin olgan.

Amaliy hamkorlikni kengaytirishga, eng avvalo, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, innovatsion hamkorlik dasturlarini qo‘llab-quvvatlash, faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirishga alohida e’tibor qaratiladi, deyiladi xabarda.

Davlat rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etadi.