Shavkat Mirziyoyev 23-may kuni farmatsevtika tarmog‘ida erishilayotgan natijalar va istiqbolli rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Unda aytilishicha, farmatsevtika sohasidagi yangi loyihalar uchun 100 million dollar arzon resurs ajratilib, Asaka bank tomonidan 200 million dollar jalb qilingan.

Buning natijasida o‘tgan 4 oyda 30,5 million dollarlik ikkita loyiha ishga tushirilib, 160 ta ish o‘rni yaratilgan. 1,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 51 million dollarlik eksport qilingan.

Lekin bu natijalar hali yetarli emas. Imkoniyatlar ham, rejalar ham ulkan, deya ta’kidladi prezident taqdimotda.

Xususan, bu yil 400 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 200 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. 2 milliard dollarlik 147 ta loyiha boshlanib, shundan 28 tasi joriy yilda ishga tushirilishi belgilangan. 450 turdagi yangi mahsulotni mahalliylashtirish mo‘ljallangan.

Davlat rahbari bu imkoniyatlardan foydalanib, mahalliy mahsulotlar bilan ichki bozor talabini qondirish darajasini oshirish zarurligini ta’kidladi. U soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga o‘tkazish, narx va sifat mutanosibligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda sohada raqamlashtirishni bu yil 65 foizga yetkazilib, keyingi yil to‘liq yakunlanadi, deyiladi xabarda. Ta’kidlanishicha, bu orqali narxni kamida 20 foizga arzonlashtirish mumkin.

Tashkent Pharma Park innovatsion farmatsevtika klasteri faoliyatini jadallashtirib, 470 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushirish choralari ko‘rib chiqildi.

Farmatsevtika sohasiga investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha ham axborot berildi.

2021-yilda onkologik bemorlarni kimyo va target terapiyasi uchun 29 turdagi preparat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan edi. Lekin budjetdan yetarli mablag‘ ajratilgan bo‘lsa-da, bu dorilar ayrim hollarda joylarga o‘z vaqtida to‘liq yetkazib berilmagan. Oqibatda ba’zi bemorlar ularni dorixonadan 10 barobar qimmat sotib olishga majbur bo‘lgan.

Prezident fevral oyidagi yig‘ilishda onkologik bemorlarga dorilar yetib bormasligiga sabab bo‘layotgan shu kabi “o‘yinlar"ni tanqid qilgandi. “Mana — farmatsevtikadagi o‘yinlar! Bu faqat onkologiyada. Endokrinologiya, kardiologiya, shoshilinch xizmatda ham bunday faktlar yetarli”, — degandi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari O‘zbekistonda farmatsevtika bozori hajmi 2 milliard dollarga yetgani, lekin bozorda mahalliy mahsulotlar ulushi fizik hajmda 40−45 foiz bo‘lsa-da, pul qiymatida 20 foizdan oshmasligini ko‘rsatib o‘tgandi.