Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda Surxondaryo viloyatida tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish va saqlashga qaratilgan navbatdagi nazorat tadbirlari o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Denov tumanida V-VII asrlarga oid “Qorabog‘tepa-1” arxeologik yodgorligining 585 metr kub maydoni fuqaro S.S. va M.S. tomonidan uy-joy qurish maqsadida tekislab yuborilgan. Oqibatda yodgorlikka 19,3 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.

Sariosiyo tumanida esa miloddan avvalgi III-I asrlarga oid “Hayvontepa” arxeologiya yodgorligining 3500 metr kub maydoni “M.I.S” xususiy korxonasi tomonidan issiqxona qurish maqsadida buzib yuborilgan va yodgorlikka 208,1 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, mazkur holatlar qonunchilikka asosan og‘ir jinoyat hisoblanib, aybdor shaxslarga nisbatan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Avvalroq Surxondaryoda arxeologik yodgorlik molxona qurish uchun buzib tashlangani, Samarqandda arxeologik obyektlarga 9 mlrd so‘m zarar yetkazilgani va Qashqadaryoda arxeologik obyekt hududiga transformator o‘rnatilgani haqida xabar berilgandi.