Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati Ulug‘nor tumani sudi Shaffof brendi ostidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarini (AGTKSH) boshqargan yoki ularda ishlagan mansabdor shaxslar va xodimlarga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

2023-yil mart oyida huquq-tartibot idoralari “Shaffof savdo belgisi ostida faoliyat yuritayotgan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari va tadbirkorlik subyektlarida noqonuniy xatti-harakatlarga chek qo‘yish” bo‘yicha tekshiruvlarni boshlagandi. Xususan, Shaffof savdo belgisi ostidagi 73 tadbirkorlik subyektiga qarashli 101 ta gaz to‘ldirish shoxobchalarida elektr va gaz tarmoqlaridan noqonuniy foydalanish holatlari o‘rganilgan.

Ish materiallariga ko‘ra, Shaffof brendi ostidagi kompaniya ta’sischilari Ulug‘bek va Oybek Toshmatovlar “boshqa shaxslar bilan til biriktirib, birgalikda jinoiy faoliyatni amalga oshirish maqsadida uyushgan guruh tuzgan”.

Ma’lum qilinishicha, ular 2018−2023-yillarda 56 ta korxonada savdodan tushgan 1 trillion 376 milliard 560 million so‘m miqdoridagi mablag‘larni o‘ta yirik qiymatdagi savdo va xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini buzgan holda yashirgan. Shuningdek, sudlanuvchilar 2018−2023-yillar uchun soliq hisobotlarini yashirish, 447,5 milliard so‘m soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni qasddan to‘lamaganlikda ayblanmoqda.

Sud qarorida qayd etilishicha, Ulug‘bek va Oybek Toshmatovlar o‘z daromadlarining kelib chiqishini qonuniylashtirish maqsadida 29 ta ish bo‘yicha jinoiy faoliyat natijasida olingan 206,5 milliard so‘m mablag‘ni gaz to‘ldirish shoxobchalari, avtomashinalar, yer uchastkalari va kvartiralar sotib olish uchun sarflagan.

Qolaversa, aka-uka boshqalar bilan til biriktirib, o‘zlari tuzgan Shaffof Sement Sanoat kompaniyasiga Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasidan (hozirgi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi) ohaktosh va qumtosh konlarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish uchun litsenziya olgan. Ushbu litsenziyalar foydali qazilmalarni qazib olish huquqini emas, balki konlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish huquqini bergan.

Ma’lum qilinishicha, sudlanuvchilar bundan xabardor bo‘lgan, ammo shunga qaramay, Shaffof Sement Sanoat kompaniyasi “Shaffof” ohaktosh konidan 21,731 kub metr, slanets konidan — 1,505 kub metr, “Shaffof-2” qumtosh konidan — 3,350 kub metr, “Qamishboshi” konidan — 4,741 kub metr foydali qazilma qazib olgan. Oqibatda davlat va jamiyat manfaatlariga 15,6 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Ish materiallarida qayd etilishicha, uyushgan guruhning soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash jinoyatlari natijasida Farg‘ona viloyati Soliq boshqarmasiga 397,13 milliard so‘m, Namangan viloyati Soliq boshqarmasiga — 8,14 milliard so‘m, Andijon viloyati Soliq boshqarmasiga — 39,3 milliard so‘m, Toshkent viloyati Soliq boshqarmasiga — 2,15 milliard so‘m va Toshkent shahri Soliq boshqarmasiga — 867 million so‘mlik “zarar yetkazilgan”.

Sud Ulug‘bek va Oybek Toshmatovlarni Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi (O‘ta yirik miqdorda soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 189-moddaning 1-qismi (Tovarlar savdosi yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini juda ko‘p miqdordagi qiymatda buzish), 229-moddasi (O‘zboshimchalik) va 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan aybdor deb topdi va 9 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Jinoyat ishi doirasida Olim Nurmatov (5 yil), Rustamjon Abdullayev (3 yil), Abdurashid Mamajonov (3 yil 6 oy), Jaloliddin Ikromiddinov (5 yil), Anvarjon Nishonov (4 yil 2 oy), Abdulazizjon Tojiyev (5 yil), Axadjon Toshtemirov (3 yil), Sherzodjon Umarov (3 yil), Farrux Mamajonov (3 yil 6 oy), Omonjon Mirzayev (3 yil 6 oy) ham ozodlikdan mahrum etildi.

Azimjon Turg‘unboyevga 5 yil ozodlikdan cheklash, Eldor Qosimovga ish haqining 20 foizini ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari, A’zam Rizayevga 4 yilga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.

Ularning barchasi Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi (O‘ta yirik miqdorda soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) va 189-moddasi 1-qismida (Tovarlar savdosi yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini juda ko‘p miqdordagi qiymatda buzish) ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Yetkazilgan moddiy zararni qoplash uchun 80 ga yaqin metan gaz to‘ldirish shoxobchalari va noturar joy bino va inshootlari, 120 ga yaqin yuk va yengil avtomobillar (Hyundai Porter, Damas, Labo, SAZ, Nexia, KaMAZ, Weilton va boshqalar) davlat foydasiga olib qo‘yildi. Shuningdek, 4 ta uy, 30 ga yaqin gaz to‘ldirish shoxobchasi va bitta Cadillac Escalade-4 avtomashinasi xatlanib, davlat ixtiyoriga topshirildi.

Shaffof metan gaz to‘ldirish shoxobchasi logotipi asosiy faoliyat yo‘nalishi siqilgan tabiiy gaz uchun choksiz yuqori bosimli po‘lat gaz ballonlari va gaz ballon uskunalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish bo‘lgan Shaffof Metan Sanoat qo‘shma korxonasi logotipi bilan mos keladi. Qo‘shma korxonada sement ishlab chiqarish ham mavjud (Shaffof sement sanoat).

Shaffof Metan Sanoat`ning ta’sischilari — Oybek Rovshanovich Toshmatov (35,6 foiz), Silu Dunli Urumchi savdo kompaniyasi (49,1 foiz) va Farg’ona Metan Gaz Servis (15,3 foiz).

Oybek Toshmatov, shuningdek, Metan Trans Servis, Ivon Plast-Polimer Tehnologi va boshqa qator kompaniyalarda ulushdor hisoblanadi.