Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi (IQMK) tijorat banklariga kredit resurslari ajratish to‘xtatilgani bo‘yicha xabarlarni rad etdi.

Avvalroq Telegram kanallarda banklar IQMK mablag‘laridan ikkilamchi bozorda uy-joy sotib olish uchun 17−18 foiz stavkada ajratiladigan “arzon” ipoteka kreditlarini berishni to‘xtatgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

“Kompaniya tijorat banklariga 17−18 foizlik ipoteka kreditlari uchun resurslar ajratishda davom etib kelmoqda”, — deya ta’kidlagan IQMK.

IQMK 2022-yil 14-mayda Osiyo taraqqiyot bankidan (OTB) 150 mln dollar miqdorida kredit jalb qilinganini eslatgan. Banklarga imtiyozli stavkadagi mablag‘lar avvalgidek shu kredit liniyasi hisobiga ajratilmoqda. O‘z navbatida, banklar kompaniyaga muvofiq talablar asosidagi portfellarini bosqichma-bosqich taqdim etmoqda.

OTB 2019-yilda ham aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida banklarni moliyalashtirish uchun kompaniyaga 150 mln dollar ajratgandi. Rejaga ko‘ra, ushbu mablag‘lar 2023-yilning birinchi choragi oxirigacha bosqichma-bosqich ishlatilishi kerak edi, biroq talab yuqori bo‘lgani sababli mablag‘ bir yil avval tugadi.

Ipoteka kreditini qayta moliyalashtirish qanday ishlaydi?

Ipoteka qayta moliyalashtirish kompaniyasi mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida moliyaviy resurslarni jalb qiladi va keyinchalik ularni ipoteka kreditlarini qayta moliyalash uchun banklarga yo‘naltiradi. Banklar kompaniya shartlari asosida, ipoteka kreditlari, ipoteka shartnomalari bo‘yicha talab huquqlaridan yoki garov xatlari bo‘yicha huquqlardan kompaniya foydasiga voz kechgan holda kredit ajratadi.

O‘z navbatida, kompaniya tijorat banklari bilan huquqlari avval kompaniyaga o‘tkazib berilgan ipoteka kreditiga xizmat ko‘rsatish shartnomasini yoki garov xatlarini ishonchli boshqaruvga berish shartnomasini tuzadi. Banklar qarz oluvchilar va ipoteka beruvchilar tomonidan kredit shartnomalari va ipoteka shartnomalarining kompaniya foydasiga lozim darajada bajarilishini ta’minlaydi.

2021-yil dekabr oyida ipoteka kreditlari imkonliligi bo‘yicha jahon reytingida O‘zbekiston o‘rganilgan 111 davlat orasida 104-o‘rinni egallagani xabar qilingandi. O‘rtacha ipoteka to‘lovlari bir nafar oila a’zosining o‘rtacha daromadidan 3,5 baravar ko‘proqni tashkil etadi.