20-may kuni Toshkent viloyati Ohangaron tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Erkin Muhitdinov lavozimidan ozod qilinib, viloyat hokimiga birinchi o‘rinbosar etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Muhitdinov hokimlik lavozimini 2023-yilning avgust oyida egallagandi, ungacha kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

U 1976-yil Andijon viloyati Andijon shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 1997-yilda Andijon iqtisodiyot boshqaruv instituti, 2000-yilda Bank-moliya akademiyasi, 2007-yilda Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti Oliy maktab (Yaponiya)larini tamomlagan.

Hokimlikka ko‘ra, Muhitdinovning o‘rnini Doniyor Madirimov egalladi.

Madirimov 1979-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston milliy universitetining bakalavr va magistratura bosqichlarini va Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi — iqtisodchi, iqtisod fanlari nomzodi.

So‘nggi yillarda Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi boshqarma boshlig‘i, mazkur lavozimga qadar Toshkent viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi sifatida ishlagan.

Xalq deputatlari Ohangaron tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etgan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tumanda ayni damda yig‘ilib qolgan tizimli muammolar, mavjud kamchiliklar va, o‘z navbatida, yuksak potensial hamda istiqbolli loyihalar xususida tanqidiy-tahliliy nutq so‘zladi, deyiladi xabarda.

““Mahalla yettiligi”ning faol ishlashi, ularning jonkuyarligi, fidoyiligi ko‘p muammolarning oldini oladi. Afsuski, Ohangaronda bu borada jiddiy oqsoqlik bor”, — dedi Zoyir Mirzayev.