Gaagadagi Xalqaro Jinoyat Sudi prokurori Karim Xon HAMASning uch nafar yetakchisi Yahyo Sinvar, Muhammad Deif va Ismoil Haniya, shuningdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Isroil mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish uchun order berishni talab qildi.

Prokuror bayonotida aytilishicha, HAMASning uch yetakchisi 2023-yil 7-oktabrdan beri Isroil va G‘azo sektorida sodir etilgan harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi. Sinvar, Deif va Haniyaga qarshi qo‘yilgan ayblovlar qatorida qirg‘in qilish, qotillik, garovga olish, zo‘rlash va boshqa jinsiy zo‘ravonlik, qiynoqqa solish hamda mahbuslarga qo‘pol muomala qilish o‘rin olgan.

Bayonotda aytilishicha, HAMASning uch nafar yetakchisi ham 2023-yil 7-oktabrda guruh tomonidan uyushtirilgan hujumlarda yuzlab Isroil fuqarolarining o‘limi va kamida 245 nafar asirning garovga olinishi uchun javobgardir.

Karim Xonning qayd etishicha, tergov doirasida u va uning jamoasi Isroildagi hujumlarning asosiy joylariga tashrif buyurgan, qurbonlar va tirik qolganlar, jumladan, sobiq garovga olinganlar hamda guvohlar bilan suhbatlashgan. Bundan tashqari, videokuzatuv kameralari tasvirlari, audio, foto va video materiallar, HAMAS a’zolarining bayonotlari, ekspert xulosalari dalil sifatida ishlatilgan.

Netanyaxu va Galant, prokurorning bayonotida aytilishicha, G‘azo sektorida kamida 2023-yil 8-oktabrdan beri sodir etilgan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun jinoiy javobgardir. Ular orasida ochlik, qasddan katta azob-uqubatlar keltirish, qotillik, tinch aholiga hujum qilish, qirg‘in va ta’qib qilish kiradi.

Xonning ta’kidlashicha, to‘plangan dalillar, jumladan, tirik qolganlar va guvohlar bilan suhbatlar, video, foto va audio materiallar, sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar hamda Netanyaxu va Galantning o‘zlari bergan bayonotlar Isroil “G‘azoning barcha qismlarida tinch aholini ataylab va tizimli ravishda inson omon qolishi uchun zarur obyektlardan mahrum qilayotganini” ko‘rsatmoqda.

“Isroil, barcha davlatlar singari, o‘z aholisini himoya qilish uchun choralar ko‘rish huquqiga ega. Biroq, bu huquq Isroil yoki boshqa davlatni xalqaro gumanitar huquqni hurmat qilish majburiyatidan ozod qilmaydi. Har qanday harbiy maqsadlardan qat’i nazar, Isroil G‘azoda ushbu maqsadlarga erishish uchun tanlagan vositalar, ya’ni qasddan o‘ldirish, ocharchilik, og‘ir azob-uqubatlar va tinch aholining sog‘lig‘iga jiddiy shikast yetkazish jinoyat hisoblanadi”, — deyiladi bayonotda.

Endi XJS sudyalari guruhi Xonning hibsga olish uchun order berish haqidagi arizasini ko‘rib chiqadi va qaror qabul qiladi.

Avvalroq “Gazeta.uz” Gaaga sudi G‘azodagi mojaro bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha HAMAS yetakchilari va Isroil rahbariyatini hibsga olish uchun order berish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida yozgan edi. Netanyaxuning ta’kidlashicha, Isroil “Xalqaro jinoyat sudining o‘zini himoya qilish huquqini buzishga urinishiga yo‘l qo‘ymaydi” va hibsga olish orderi hukumat qarorlariga ta’sir qilmaydi.

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi mojaro xronologiyasi:

  • 2023-yil 7-oktabrda HAMAS Isroilga hujum qilib, kamida 1200 isroillikni o‘ldirdi va 200 dan ortiqni garovga oldi.
  • Bunga javoban Isroil G‘azo sektorini nazorat qilayotgan HAMASga qarshi urush e’lon qildi, anklavga intensiv havo hujumlari uyushtirdi va u yerga qo‘shin yubordi.
  • G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mojarolar davomida mintaqada 30 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.
  • Isroilning G‘azodagi harbiy kampaniyasi tinch aholi orasida qurbonlar sonining ko‘pligi sababli salbiy xalqaro reaksiyaga sabab bo‘ldi. Yanvar oyida Janubiy Afrika G‘azo sektoridagi genotsid konvensiyasini buzganlikda ayblanib, Xalqaro sudga (XJS emas) Isroilga qarshi da’vo arizasi bilan chiqdi.