Energetika vazirligi va Jahon banki “O‘zbekistonda binolar uchun toza energiya” yangi loyihasini taqdim etdi, deb xabar qildi bank matbuot xizmati.

Loyiha jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirishga va binolar sohasida toza energiyaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish muhitini rivojlantirishga yordam beradi.

O‘zbekistonda yakuniy energiya iste’molining 50 foizi binolar sektoriga to‘g‘ri keladi, keyingi o‘rinlarda sanoat (22 foiz) va transport (20 foiz) turadi, deyiladi xabarda. Ijtimoiy binolar sohasida tuman shifoxonalarida energiya sarfining qariyb 70 foizi, maktabgacha ta’lim muassasalarida 84 foizi, qishloq poliklinikalarida 88 foizi, maktablarda 97 foizi isitish uchun sarflanadi.

Jahon bankining ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi aksariyat jamoat binolari 1970−1980-yillarda energiya samaradorligi standartlarini hisobga olmagan holda qurilgan. Ularning issiqlik izolyatsiyasi yomon va temperatura komforti standartlariga javob bermaydi. Ular energiyani haddan tashqari ko‘p iste’mol qiladigan eski qozon va issiq suv isitish tizimlaridan foydalanadi.

Jahon banki tomonidan 2021-yilda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar va sog‘liqni saqlash muassasalarida energiya samaradorligini oshirish orqali energiya tejashning yillik salohiyati 7000 gigavatt-soatdan (GVt/soat) ortiqni tashkil qiladi. Shundan 6810 GVt/soatga yaqini issiqlik, 240 GVt/soatdan ortig‘i esa elektr energiyasi ko‘rinishida iqtisod qilinishi mumkin.

2022-yil iyun oyida Jahon banki Ijroiya direktorlari kengashi “O‘zbekistonda binolar uchun toza energiya” loyihasini amalga oshirish uchun mamlakatga ajratiladigan 143 million dollar miqdoridagi imtiyozli kreditni ma’qullagandi. Bu mablag‘lar butun O‘zbekiston bo‘ylab jamoat binolarining o‘zgaruvchan iqlim sharoitiga tayyorligini oshirish, energiya sarfini qisqartirish va atmosferaga chiqadigan issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga yo‘naltiriladi.

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

Loyiha Energetika vazirligi huzuridagi yudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Jamg‘arma 2020-yilda iqtisodiyotning turli tarmoqlari, ijtimoiy soha va uy-joy qurilishiga investitsiyalarni jalb qilish va energiya samaradorligini oshirish loyihalarini moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan.

Loyiha doirasida jamg‘arma tomonidan qishloq va shaharlarda faoliyat yuritayotgan Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari tizimidagi muassasalarda energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari moliyalashtiriladi. Loyihani amalga oshirish jarayonida 2023−2028-yillarda mamlakat bo‘ylab 500 dan ortiq ijtimoiy obyektlar, jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, shifoxonalar va poliklinikalarni modernizatsiya qilish va ta’mirdan chiqarish, ularning energiya samaradorligini oshirish rejalashtirilgan.

Jamg‘arma, shuningdek, ushbu binolarning energiya samaradorligini baholash, chora-tadbirlar ishlab chiqish, tegishli muassasalarda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur ishlarni xarid qilish va moliyalashtirish, ular iqtisod qiladigan energiyani o‘lchash va tekshirish bo‘yicha xizmatlarni taqdim etadi.

Loyihaga taalluqli jamoat binolari yetarli bo‘lmagan isitish tizimi yoki qizib ketishning oldini olish uchun milliy temperatura komforti standartlariga asosan modernizatsiya qilinadi. Loyiha faoliyati energiya sarfini kamaytirib, havo sifati va tegishli muassasalarni, ayniqsa, qish oylarida, energiya bilan ta’minlash ishonchliligini yaxshilaydi. Shuningdek, maktabgacha va maktab muassasalarida o‘quvchilar, sog‘liqni saqlash muassasalarida bemorlar, shuningdek, xodimlar uchun temperatura komfortini oshirish orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatadi, deya qayd etdi Jahon banki.

Yuqorida qayd etilgan jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari ularning termoizolatsiyasi hamda isitish, ventilyatsiya, havoni tozalash va yoritish tizimlarining ishlashini yaxshilashni nazarda tutadi. Bundan tashqari, tegishli muassasalarda ko‘mir qozonlarini qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida ishlaydigan isitish va issiq suv tizimlariga almashtiriladi. Xususan, bu issiqlik nasoslari va quyosh kollektorlari bilan birlashtirilgan quyosh panellarini o‘rnatish orqali amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, loyiha doirasida aholi o‘rtasida energiya samaradorligi masalalari bo‘yicha fuqarolarning xabardorligini oshirish maqsadida axborot-ma'rifiy kampaniya o‘tkaziladi.