Ijtimoiy tarmoqlarda “Ayni damda Humo Arena’da Macan konsert dasturiga ko‘pchilikni bileti soxta ekan” sarlavhasi ostida videolar tarqaldi.

Milliy gvardiyaning Toshkent shahri boshqarmasi holat yuzasidan izoh berdi. Qayd etilishicha, Humo Arena saroyida xonanda Masan’ning bo‘lib o‘tgan konsert dasturiga Milliy gvardiya xodimlari xavfsizlikni ta’minlash uchun jalb qilingan.

Ushbu konsertga kirishdagi chiptalar tekshiruvi jarayoni esa Iticket xodimlari tomonidan maxsus skaner qurilmasining QR-kodi orqali tekshirilib kiritilgan. “Ammo ba’zi bir fuqarolar qurilmani aldashga uringan va avval saroyga kirib bo‘lgan tanishlarining chiptalari bilan takroran kirishga urinishgan. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bunday chiptalarga ega bo‘lgan fuqarolar nazorat o‘tish joyidan ichkariga qo‘yilmagan”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari tomonidan ushbu fuqarolar bilan tushuntirish ishlari olib borilgan va jamoat tartibi saqlangan.