Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda 2024-yilgi yangi xususiylashtirish dasturi bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Dastur davlat ishtirokidagi korxonalarning ulushlari va ko‘chmas mulk obyektlari samaradorligini tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan.

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish maqsadida ommaviy savdolarga chiqariladigan 250 ga yaqin ulushlar ro‘yxati, davlat ishtirokidagi korxonalarning qariyb mingta ko‘chmas mulk obyekti ro‘yxati, mahalliy fond bozorida aksiyalarning ommaviy taklifi o‘tkaziladigan 12 ta korxona ro‘yxati shakllantirilgan.

”даvaктив,

Qayd etilishicha, ilgari savdoga qo‘yilgan ayrim inshootlar sotilishida ham muammolar bo‘lgan. Buni jadallashtirish va iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish maqsadida qator yengilliklar belgilanmoqda.

Masalan, davlat aktivlari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) ularning boshlang‘ich bahosi 10 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytiriladi. 2024-yil 1-yanvargacha auksion orqali ijaraga olganiga kamida 5 yil bo‘lgan va majburiyatlarini bajargan tadbirkorlarga davlat mulkini baholangan qiymatda sotib olish taklif etiladi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) boshlang‘ich qiymati 30 foizigacha, 6 oyda sotilmaganda 10 foizigacha pasaytiriladi.

To‘lovlarning 15 foizini 3 oy muddatda, qolgan qismini 10 yilgacha muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Xususiylashtirish dasturlariga kiritilgan ko‘chmas mulklarning kadastr hujjatlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun to‘lovlarni Xususiylashtirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Yangi dastur doirasida tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun hamda xalqaro avtomobil yo‘llari bo‘yida savdo va servis obyektlarini joylashtirish uchun savdolarga chiqariladigan yer uchastkalarining ro‘yxatlari shakllantirilgan hamda ularni savdoga chiqarish soddalashtirilgan.

Shu munosabat bilan yangi tartiblar belgilash taklif etilmoqda. Jumladan, master reja asosida xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari bo‘yida joylashgan yer uchastkalari zamonaviy servis va savdo-maishiy obyektlarni qurish uchun auksionga chiqariladi. Sotilgan yer uchastkalari xaridorga cheklovlarsiz rasmiylashtirib beriladi.

Yig‘ilishda davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, buni jadallashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Prezident agrar sohaga xizmat ko‘rsatuvchi davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish chora-tadbirlarini ham ko‘rib chiqdi. Bu jarayonlarni jadallashtirish, xususiylashgan bino-inshootlar negizida tadbirkorlikni rivojlantirib, ko‘proq ish o‘rinlari ochish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

O‘z sohasida xususiy sektor ulushini muttasil oshirib borish, samarasiz foydalanilayotgan va bo‘sh turgan aktivlarni sotish mahalliy hokimlik va tarmoq rahbarlarining asosiy vazifalaridan bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon OrtiqovDavlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov

Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev 33 ta don korxonasini xususiylashtirishni tezlatish bo‘yicha topshiriq bergandi. U vazirlik va hokimliklar aktivlari sotuvining sustlashib borayotganini tanqid qilgan. Masalan, Toshkent shahrida 25 gektar yer auksionga qo‘yilib, keyin qaytarib olingani sababli budjetga 600 mlrd so‘m kelib tushmagan.

2024-yilda xususiylashtirish jarayonlarida 400 ta korxona ulushini, 800 ta korxonadagi ko‘chmas mulkni, 2 ming gektar yer maydonlarini sotishdan 20 trillion so‘m daromad olish kutilmoqda.