Shavkat Mirziyoyev 16-aprel kuni to‘qimachilik sanoatiga eksport va investitsiyalar hajmini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘tgan yili 8,2 milliard dollarlik to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu yetti yil avvalgiga nisbatan 4,2 barobar ko‘p hisoblanadi. Bugungi kunda 6 mingdan ortiq korxonada 570 ming kishi ish bilan ta’minlangan.

2023-yilda tarmoqdagi eksporti hajmi 3,1 milliard dollarni tashkil etgan. Joriy yilda yana uchta yangi bozorga chiqilib, eksport geografiyasi 83 mamlakatga yetgan.

Biroq eksport tarkibi tahlili muayyan kamchiliklarni ko‘rsatdi. Masalan, tayyor tovarlar eksportida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi kam (20 foiz). Eksportning qariyb 80 foizi hali ham an’anaviy hamkorlar (Rossiya, Xitoy va Turkiya) bozorlariga jo‘natiladi. Yevropaga eksport hajmi kutilganidek emas, dedi prezident.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 1 kg ip-kalavaning tannarxi o‘rtacha 2,4 dollarni tashkil etadi, bu jahon narxlaridan 28 foizga arzon. Prezidentning fikricha, bu tayyor mahsulot hajmini oshirish uchun ajoyib imkoniyat. Boston Consulting Group konsalting kompaniyasi tahliliga ko‘ra, toladan kalava ishlab chiqarish mahsulotning qo‘shilgan qiymatini 17 foizga — tonnasiga 2100 dollargacha oshiradi. Agar ipdan mato tayyorlansa, tannarxi ikki barobar — bir tonna uchun 5 ming dollargacha oshadi. Matodan tayyor mahsulotlar yaratishda qo‘shilgan qiymat 6 barobar (10 ming dollar), brend bilan birga kamida 15 barobar (27 ming dollar) oshishi mumkin. Mamlakatning xomashyo bazasi kamida 15 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, 500 ming yangi ish o‘rni yaratish imkonini bermoqda.

shavkat mirziyoyev, to‘qimachilik, to‘qimachilik sanoati

Rivojlangan davlatlar bozoriga yoki brendlarga eksport hajmini oshirish uchun xalqaro standart va sertifikat talab etiladi. Lekin atigi 175 ta korxona bunday talablarga javob beradi. 18 ta tumanda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish yillik hajmi 1 million dollarga ham yetmaydi.

O‘tgan yil boshida gazlama, bo‘yash-pardozlash, tayyor tikuv-trikotaj loyihalari uchun 50 million dollar resurs ajratilgan. Bu mablag‘ ishlatilgach, yana 100 million dollar yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari bu imkoniyatlardan oqilona foydalanish, hududlarda loyihalar va ish o‘rinlarini ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.

“Bu sohada yagona to‘g‘ri yo‘limiz — mavjud xomashyoni to‘liq qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish va an’anaviy arzon bozorlardan, yangi, qimmatroq bozorlarga kirib borish”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ishlab chiqarishning qulay yo‘llaridan biri yirik korxonalar filiallarini mahallalarda ochish hisoblanadi. Masalan, Samarqand shahridagi “Zarafshon tekstil” fabrikasi 11 ta hududiy filial ochgan. Buning afzalligi shundaki, ortiqcha vaqt va xarajat qilib, yangidan standart joriy qilish yoki sertifikat olish shart emas, deyiladi yig‘ilishda.

Prezident o‘z faoliyatini yiriklashtirgan korxonalar bilan ishlashda Soliq qo‘mitasi huzuridagi Yirik soliq to‘lovchilar inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Endi inspeksiya faqat yirik strategik tarmoqlar uchun javobgar bo‘ladi.

shavkat mirziyoyev, to‘qimachilik, to‘qimachilik sanoati

To‘qimachilik korxonalari oldida turgan muammolardan biri xomashyo hisoblanadi. O‘zbekiston 1,3 million tonna tolani qayta ishlash quvvatiga ega, biroq hozirda atigi 1 million tonnaga yaqin tola ishlab chiqarilmoqda. Shuning uchun paxta yetishtirish tannarxini kamaytirish va hosildorlikni oshirish shart, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan buyon viloyatda qayta ishlashning birinchi va ikkinchi zanjiri bor to‘qimachilik korxonasi paxta xomashyosini fermerdan bozor narxida sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi va o‘z vaqtida yakuniy hisob-kitobni amalga oshiradi, dedi davlat rahbari.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyati ham muhokama qilinib, ularning barqaror faoliyatini ta’minlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda 100 dan ortiq soha tadbirkorlari ishtirok etdi, prezident ular bilan suhbatlashdi.

Tadbirkorlar to‘qimachilik korxonalarini mustaqil qurish, “A” reytingi bor tadbirkorlarga ham ikki yil davomida QQSni qaytarish bo‘yicha bir kunda xulosa berish tizimini yo‘lga qo‘yish, xorijdagi “erkin zonalar"ning omborlarini ijaraga olish, bo‘yalgan mato eksport qilgan korxonalarga xorijiy valyutada kredit ajratish tizimini joriy qilish, gazlama, bo‘yash-pardozlash, tayyor tikuv-trikotajdagi 10 million dollargacha bo‘lgan loyihalar uchun chet el valyutasida olinadigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 6 foizdan yuqori qismini kompensatsiya qilishni so‘radi.

shavkat mirziyoyev, to‘qimachilik, to‘qimachilik sanoati

Ishbilarmonlar to‘qimachilik korxonalari aylanmasi uchun berilgan kreditlarning qaytarish muddatini uzaytirishni ham so‘radi.

Endi “O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasini to‘qimachilikning har bir yo‘nalishidagi tadbirkorlardan iborat kengash boshqaradi. Har bir viloyat bo‘yicha uning vakillari saylanadi. Uyushma xodimlari klasterlar va to‘qimachilik korxonalariga ishlab chiqarish, investitsiya, eksport va ish o‘rinlarini ko‘paytirishga ko‘maklashadi.