Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida fuqaroni AQShga jo‘natishni va’da qilgan ikki shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan M.X va A.A. fuqaro Yu.Q.ni Yevropa davlatlari orqali AQShga ishlashga jo‘natishni va’da qilib, xizmatlari uchun 18 ming dollar pul talab qilgan. Ular 2000 dollar va 200 million so‘mni olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘tgan yilning noyabr oyi so‘nggida AQShning Toshkentdagi elchixonasi AQSh bundan buyog‘iga O‘zbekiston fuqarolarining Meksika chegarasi orqali mamlakatga noqonuniy kirishiga ruxsat bermasligini ma’lum qilgan edi. Ular immigratsiya ishi hal bo‘lgunicha hibsda saqlanadi.

Undan avval 2021-yil oktabridan 2023-yil oktabriga qadar AQShga noqonuniy kirishga uringan 13 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingani ma’lum bo‘lgan edi.