Jizzax viloyatidagi ADM Jizzakh avtomobil zavodi O‘zbekiston bozorining kamida 25 foizini egallash niyatida. Bu haqda kompaniya bosh direktori Doniyor Davletyarov “O‘zbekiston 24” telekanalining “Menimcha” ko‘rsatuviga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Kelajakda avtomobil bozorining kamida 25 foizini egallashga harakat qilyapmiz. Yangi kadrlar tayyorlaymiz, yangi ish o‘rinlari yaratamiz. O‘ylaymanki, bu butun O‘zbekiston iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shadi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zavod “noldan” boshlab mahalliy mutaxassislar va kompaniyalar tomonidan xorijiy loyiha tashkilotlari va muhandislarni jalb qilmasdan qurilgan.

“Yigitlarimizning bilimi shu darajaga yetdiki, o‘zimiz mustaqil avtomobil zavodi qildik. Kelajakda o‘zimiz milliy avtomobil ham ishlab chiqara olamiz. Bizning yigitlar shu motivatsiya bilan ishlayapti. Xudo xohlasa, bunga erishamiz”, — dedi korxona rahbari.

Doniyor Davletyarovning aytishicha, hozirda zavodda Haval (Xitoyning Great Wall Motors kompaniyasi), Chery (Xitoyning Chery Intermational kompaniyasi) va Kia (Janubiy Koreyaning Kia Motors kompaniyasi) brendlari ostida avtomobillar ishlab chiqarilmoqda. Yirik blok ostida jami 18 ta avtomobil modeli ishlab chiqarilsa, ularning ichidan 2 turdagisi tijorat transporti hisoblanadi.

Avvalroq 2023-yilda UzAuto Motors 4,85 mlrd dollarlik 369,99 ming dona avtomobil ishlab chiqarib, O‘zbekiston avtomobil bozorining 81 foizini egallagani, ADM Jizzakh ulushi esa 5,5 foizni tashkil etgani xabar qilingandi. Bozorning qolgan ulushi import, jumladan, 291 mln dollarlik 8948 ta BYD avtomobili hissasiga to‘g‘ri kelgan.

ADM Jizzakh zavodi 2027-yil o‘rtalaridan gibrid avtomobil va elektromobillar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Investitsiyalar hajmi 550 mln dollarga, budjet to‘lovlari esa 700 mln dollarga oshirilishi kutilmoqda, bu kompaniyaga mamlakatning eng yirik 5 soliq to‘lovchisi qatoriga kirish imkonini beradi.

Kompaniya 2020-yilning 23-yanvarida ro‘yxatdan o‘tgan. Uning ta’sischisi Mirbahrom Axrorovich Asrorov (33,4 foiz), Doniyor Davletyarov (33,3 foiz) va Murod-Mirza Sharifjon o‘g‘li Sharipov (33,3 foiz) egalik qiluvchi Roodell kompaniyasi hisoblanadi.