“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi dizaynerlarni Hyundai Rotem tezyurar poyezdi dizayni bo‘yicha tanlovda ishtirok etishga taklif qildi.

Ishtirokchilar poyezdining o‘ziga xos va jozibali tashqi ko‘rinishini yaratishi lozim bo‘ladi. Tanlov g‘olibi 100 mln so‘m miqdoridagi mukofotga ega bo‘ladi va poyezdda o‘z dizaynidan tashqari g‘olib ismining bosh harflari ham tasvirlanadi.

Tanlov shartlari:

  • Ikkitadan ortiq bo‘lmagan dizayn variantini taqdim etish.
  • Ishlarni dizayn-nsr@uzrailway.uz elektron manziliga 2024-yil 12-maygacha jo‘natish.
  • Mavzu qatorida “Hyundai Rotem poezd dizayni tanlovi.”, deb yozish.
  • Aloqa ma’lumotlarini ko‘rsatish (F.I.Sh., telefon raqami)

Texnik topshiriq “O‘zbekiston temir yo‘llari” saytida e’lon qilindi. Savollar bo‘lsa, quyidagi telefon raqamiga murojaat qilish mumkin: 71−299−92−66.

Eslatib o‘tamiz, Hyundai Rotem tezyurar elektropoyezdi, xususan, Toshkent va Xiva o‘rtasidagi temir yo‘l qatnovi uchun xarid qilinishi rejalashtirilgan. Poyezd 7 ta vagondan iborat bo‘lib, 351 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan va 250 km/soat tezlikka erisha oladi.

Umuman olganda, prezidentning 2023-yil 10-oktabrdagi qarori bilan O‘zbekiston jami 6 ta Hyundai Rotem poyezdini xarid qilishi belgilangan. Shu maqsadda noyabr oyida Koreya Respublikasining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) hisobidan 185 mln yevro miqdorida kredit jalb etish rejalashtirilgandi.