O‘zbekistonda 2024-yilning birinchi choragida 318 nafar shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasiga asosan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlikda ayblanib, ulardan 97 nafari jarimaga tortildi, 221 nafari ma’muriy qamoqqa olindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.

Ushbu modda kuchga kirgan 2023-yilning aprel oyidan buyon mazkur modda bo‘yicha sudlanganlarning umumiy soni 984 nafarga yetdi (2023-yilda — 666).

Jinsiy zo‘ravonlik uchun jazo — BHMning 2 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 sutkagacha ma’muriy qamoq, bir yil davomida takroran sodir etganlik uchun — BHMning 5 dan 7 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq.

Jinoyat kodeksining 141−3-moddasi “Shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish” (o‘tgan yilning aprel oyida kodeksga kiritilgan) bo‘yicha 40 nafar shaxs sudlangan. Ularning 13 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 27 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan. O‘tgan yil davomida ushbu modda bo‘yicha 48 nafar shaxs sudlangan.

Ushbu jinoyat BHMning 400 dan 600 baravarigacha jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. O‘sha harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki o‘n sakkiz yoshga to‘lmagani ma’lum bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, — 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

“Gazeta.uz” qonunlarga kiritilgan, ayollar va bolalarni himoya qilish tizimini mustahkamlashga qaratilgan o‘zgartishlar haqida yozgandi. Ular ustida bir yil davomida vazirlik va idoralar, nodavlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, fuqarolik faollari, jumladan, Nemolchi.uz loyihasining bir guruhi ishlagan.

Kiritilgan o‘zgartirishlar tufayli, xususan, oiladagi zo‘ravonlik endilikda ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.