O‘zbekistonda yengil avtomobillar bozori hajmi 2023-yil yakuniga ko‘ra 456,3 ming donani tashkil qildi. “Gazeta.uz” prezident dushanba kuni tashrif buyurgan ADM Jizzakh avtomobil zavodida ko‘rsatilgan taqdimotda buning qayd etilganiga e’tibor qaratdi.

UzAuto Motors hissasiga 4,85 mlrd dollarlik 369,99 ming dona avtomobil (bozorning 81 foizi), ADM Jizzakh`ga 823 mln dollarlik 25 ming dona avtomobil to‘g‘ri keladi (bozorning 5,5 foizi). Qolgan ulush 291 mln dollarlik 8948 dona BYD avtomobili, 1,197 mlrd dollarlik 50 ming 435 dona boshqa rusumdagi avtomobillar importi hamda mamlakatda ishlab chiqarilgan yana 1965 dona avtomobil hissasiga to‘g‘ri keladi.

ADM Jizzakh ishlab chiqarishni 60 mingtaga yetkazib, import o‘rnini bosishni va qo‘shimcha qiymatni 520 mln dollarga oshirib, mahsulotlarning chakana narxlarini pasaytirishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yili UzAuto Motors 118,1 mingga yaqin Cobalt, 82,1 mingdan ortiq Gentra, 89,1 ming Damas, 48,08 ming Tracker, 30,6 ming Onix, shuningdek, yana 25,6 mingta maxsus avtomobil ishlab chiqargan. ADM Jizzakh zavodida 9829 dona Chery (o‘sish 23,3 barobar) va 15036 dona KIA (o‘sish 2,5 barobar) ishlab chiqarildi.

Ayni paytda mavjud bo‘lgan so‘nggi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilning yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonga 22,49 mingta elektromobil import qilingan. Shundan 20,6 mingtasi yoki 91,7 foizi Xitoydan olib kelingan.