O‘tgan hafta lavozimiga tasdiqlangan Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov mahallalar faoliyatining yagona mexanizmini joriy qilmoqda, deya xabar qildi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Xususan, mahallalar infratuzilmasi, ularning qiyofasini yagona standartga keltirish, aholini reja va o‘zgarishlardan xabardor qilish uchun shaffof monitoring tizimini yaratish ko‘zda tutilgan.

“Mahallalarning asl boshqaruvi fuqarolar qo‘liga topshirilib, mas’ullar zimmasiga esa davlatimiz rahbari tomonidan shahrimiz aholisi qulayligi va xavfsizligini ta’minlash yuklatiladi”, — deyiladi xabarda.

O‘tgan haftada hokim boshchiligidagi ishchi guruh Bektemir tumanining Oltintopgan, Mirobod tumanining Yangi Qo‘yliq, Yashnobod tumanining Jarboshi va Bog‘bon hamda Mirzo Ulug‘bek tumanining Alisherobod mahallalaridagi holatni tanqidiy o‘rganib chiqqan.

маҳалла, тошкент

Har bir mahallada jalb qiluvchi nuqta, oziq-ovqatlar va sut mahsulotlari bozorchasi, bolalar uchun o‘yingohlar, otalar choyxonasi, vorkaut maydonchasi, sog‘lom turmush tarzi uchun veloyo‘laklar va yugurish yo‘laklari kabi qulayliklar bo‘lishi, yo‘llarning ravon va xavfsizligi ta’minlanishi, hududda huquqbuzarliklar va jinoyatlarning profilaktikasi izchil tashkil etilishi zarurligi aytilgan.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga tizimli yordam tashkil qilinib, ishsizlarning bandligini ta’minlash zarurati, shu jihatdan, aholining tadbirkorligini rivojlantirishda banklarning o‘rni katta ekani qayd etildi. Bundan tashqari, hududda istiqomat qilayotgan aholining soni va ro‘yxatdan o‘tganini nazoratga olish topshirig‘i berildi, deyiladi xabarda.

Har bir mahallada jamoatchilik asosida ko‘chaboshi, uyboshi, yo‘lakboshi kabi xodimlarni jalb qilish, ishini samarali tashkil qilgan xodimlarni rag‘batlantirishda KPI tizimini joriy qilish reja qilinmoqda.

Mahallalarda mavjud noqonuniy qurilmalarni bartaraf etib, ularni aholi uchun foydali, samarali maskanlarga aylantirish, kuzatuv kameralarini o‘rnatish orqali hududlarda xavfsizlik darajasini oshirish muhimligi muhokama qilingan.