Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil 1-aprel holatiga ko‘ra O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari mart oyida 1,99 mlrd dollarga ko‘paygan holda 34,19 mlrd dollarni tashkil qildi.

Regulyatorning ma’lum qilishicha, mart oyida valyuta zaxiralari 711 mln dollarga ko‘paygan — 7,55 mlrd dollardan 8,26 mlrd dollargacha.

Zaxiradagi oltin (fizik hajmda) 12,4 tonnaga kamaydi — bir oy oldingi 11,9 mln troy unsiyadan (370 tonna) 11,5 mln troy unsiyagacha (357,69 tonna). Shunga qaramay, oltin narxining rekord darajaga yetishi fonida zaxira qiymati 24,1 mlrd dollardan 25,4 mlrd dollargacha oshgan (+1,28 mlrd dollar).

Mart oyida oltin narxi o‘zining tarixiy rekordini bir necha bor yangilab, 2100 dollardan 2250 dollargacha oshdi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil oxirida mamlakatning “moliyaviy yostiqchasi” 1,2 milliard dollarga tushib, 34,56 milliard dollarga yetgan. Yillik hisobda zaxiralar kamayishi 2018-yildan beri ilk marta kuzatilgan. Oltinning fizik hajmi yil davomida deyarli 25 tonnaga kamaygan.