O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) deputatlari Nodir Abduvaliyev va Sardor G‘iyosov qimmatbaho mashinalar xarid qilinayotgani haqidagi xabarlar fonida davlat idoralarini tejamkorlikka chaqirdi.

Partiya veb-saytida e’lon qilingan “Tejamkorlik — davr talabi” maqolasida 2023-yilda O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti daromadlari 321,0 trillion so‘mni, xarajatlari 380,0 trln so‘mni tashkil etgani, shuningdek, bunda xarajatlar daromadlardan 59 trln so‘mga ko‘pligi, budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,5 foizga yetgani qayd etilgan.

“Biroq budjet taqchilligi fonida joriy yilning 1-chorak yakunlari bo‘yicha ayrim vazirlik va davlat tashkilotlari narxlari yuqori bo‘lgan avtotransport vositalarini harid qilish uchun mablag‘lar sarflayotganligi kuzatilmoqda”, — deydi partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi vakillari.

Ular misol tariqasida “Bandlik vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi tomonidan 444 mln so‘mga bir dona BYD Song Plus avtotransport vositasini, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tomonidan 504 mln so‘mga premium-klassdagi BYD Han avtomobilini hamda Oliy sud tomonidan 1,5 mlrd so‘mga “yo‘ltanlamas” Toyota Land Cruiser 300 avtomobili xarid qilishganini keltirdi.

“Xorijiy mamlakatlarda vazirliklar rahbarlari o‘zlarining xalq xizmatidagi davlat xodimi ekanligini bildirish, o‘zining xalqqa yaqinligini ko‘rsatish maqsadida qimmatbaxo xizmat avtomobillari o‘rniga jamoat transporti va velosipedlarda ishga kelishni afzal bilishmoqda”, deb yozadi deputatlar.

Partiya vakillari keng jamoatchilik tomonidan vazirlik va idoralar mablag‘larni sarf qilishda birinchi navbatda hududlardagi, jumladan mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni xal etishga e’tibor qaratishi zarurligini ta’kidlamoqda.

“Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda xalq vakili sifatida, budjetdan mablag‘ oluvchi vazirlik, idora va tashkilotlarni budjet mablag‘larini sarflashda tejamkorlikka amal qilishlariga, foydalanishdagi avtotransport vositalari mavjud bo‘lgan holda mazkur maqsad uchun xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiramiz”, — deyiladi Nodir Abduvaliyev va Sardor G‘iyosov maqolasida.