Toshkent shahridagi “Chorsu” va “Eski jo‘va” dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning 28-martdagi qarorida ko‘rsatilgan.

Qaror prezidentning 2023-yil 12-mayda Shayxontohur hamda 26-mayda Chilonzor tumaniga tashriflari yakunlari bo‘yicha berilgan topshiriqlar bayoni ijrosi yuzasidan qabul qilingan.

Poytaxt hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasiga bir qator loyihalar konsepsiyasini ishlab chiqish uchun hokim tomonidan 824,8 million so‘m mablag‘ ajratiladi.

Xususan, “Chorsu” va “Eski jo‘va” dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish konsepsiyasi bo‘yicha loyiha takliflarini ishlab chiqish uchun 119,5 mln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

“Turizm halqasi”ni qurishda piyodalar va veloyo‘laklar, ochiq turdagi avtourargohdar hamda sug‘orish va irrigatsiya infratuzilmasini qurish uchun yana 213,6 mln so‘m, Sarxumdon mahallasidagi temirchilik ustaxonalari rekonstruksiyasi uchun esa 138,7 mln so‘m sarflanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Samarqand darvoza mahallasidagi Uchlola ko‘chasida qurilgan yopiq suz havzasi va sport majmuasi konsepsiyasi uchun 177 mln so‘m, mahallalar hududlarida aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish va xizmat ko‘rsatish maqsadida mikro bog‘lar hamda sayilgohlar tashkil etish konsepsiyasi uchun 149 mln so‘m, Shayxontohur tumanidagi Yangiobod mahallasini obod hududga aylantirish loyiha takliflarini ishlab chiqish uchun 27 mln so‘m yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda hokimlik “Chorsu” bozori va uning atrofini o‘zgartirishga oid loyihani e’lon qilgan. Taqdim etilgan eskizlardan kichik gumbazlar joy olmagandi. “Gazeta.uz” ma’moriy merosni saqlab qolish bo‘yicha mutaxassis, IKOMOSning Germaniyadan a’zosi Yens Yordanning “Chorsu” bozori va uning atrofidagi hudud taqdiri tashvishlantirgani qayd etilgan maqolasini (rus tilida) chop etgandi.

2022-yilning may oyida tarixiy Chorsu bozoridagi markaziy gumbazga hamohang tarzda qurilgan 7 ta kichik gumbazning biri buzilishi mumkinligi haqidagi xabarlar ortidan ular davlat muhofazasiga olingan.

Hududlarni rivojlantirish bo‘yicha Atlas byurosi konsalting kompaniyasi iyun oyida o‘z tadqiqotida “Chorsu” va “Oloy” kabi yirik bozorlarda atrofni obodonlashtirish va qulay avtoturargohlar tashkil etishni taklif qilgan. Unda piyodalar va transport oqimini tartibga solish, atrofdagi hududlarni obodonlashtirish zarurligi qayd etilgan.