2023-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi avvalgi ikki yildagidan kamroq bo‘ldi, bu Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan to‘lov balansi bo‘yicha ma’lumotlardan kelib chiqadi.

2021-yilda mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning sof oqimi 2,3 mlrd dollarni tashkil etgan va 2022-yilda ko‘rsatkich 2,6 mlrd dollargacha o‘sgan bo‘lsa, 2023-yil oxirida u 425 mln dollarga — 2,2 mlrd dollargacha (-16 foiz) kamaygan.

Grafik: Mirkonomika / Telegram.Grafik: Mirkonomika / Telegram.

So‘nggi besh yil ichida, faqat 2020-yilda, dunyo koronavirus pandemiyasi bilan to‘qnash kelgan vaqtda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimining pasayishi kuzatilgandi. O‘shanda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish sur’ati 2 foizgacha sekinlashgan.

2023-yilda portfel investitsiyalar hajmi qariyb 1 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu oktabr oyida chiqarilgan 4,25 trln so‘m miqdoridagi “yashil” suveren xalqaro obligatsiyalar hamda 660 mln dollar miqdoridagi xalqaro obligatsiyalar bilan izohlanadi.

Moliyaviy operatsiyalar hisobi 6,6 mlrd dollarga yetdi, shundan 70 foizi yilning to‘rtinchi choragiga to‘g‘ri keldi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi aktivlar va majburiyatlar bilan bog‘liq operatsiyalar to‘lov balansining moliyaviy operatsiyalar hisobida yuritiladi. Moliyaviy hisob to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar, portfel investitsiyalar, moliyaviy derivativlar (svop, opsion va hokazo), boshqa investitsiyalar (valyuta va depozitlar, savdo kreditlari hamda avanslari va boshqalar) va rezerv aktivlaridan iborat.

Joriy operatsiyalar hamda kapital bilan bog‘liq operatsiyalar hisoblaridagi defitsitlar moliyaviy operatsiyalar hisobi evaziga moliyalashtiriladi. Masalan, joriy operatsiyalar hisobi defitsitining asosiy manbalaridan biri bo‘lgan savdo balansi defitsiti (import hajmining eksport hajmidan ortiqligi) asosan moliyaviy operatsiyalar hisobidagi investitsiyalar va qarzlar evaziga qoplanadi.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev ta’kidlaganidek, yuqori sur’atlarda o‘sishda davom etayotgan (YAIM 2023-yilda 6 foizga o‘sgan) mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining keskin kamayishi “kelajak uchun xavotirli signal sifatida qabul qilinishi kerak”.

U, shuningdek, joriy operatsiyalar hisobi defitsitining YAIMga nisbati tarixiy maksimumga — 8,6 foizga (7,8 mlrd dollar) yetganini ta’kidladi.

Grafik: Mirkonomika / TelegramGrafik: Mirkonomika / Telegram

Tovar va xizmatlar defitsiti 17,6 mlrd dollarni (2022-yilga nisbatan + 3,9 mlrd dollar), birlamchi daromadlarning sof oqimi minus 761 mln dollarni (2022-yilda 902 mln dollar bo‘lgan), ikkilamchi daromadlarning sof oqimi 10,5 mlrd dollarni (12,1 mlrd dollar) tashkil etdi.

Mirkomil Xolboyevning so‘zlariga ko‘ra, joriy operatsiyalar hisobi defitsitining yomonlanishi budjet xarajatlari o‘sishi shuningdek, real ayirboshlash kursining mustahkamlanishi (2023-yilda 4,6 foizga mustahkamlangan) sharoitida tashqi savdo defitsitining yomonlashib borishi (minus 13,7 mlrd dollar) hamda investitsion daromadlar chiqib ketishining ko‘payayotgani bilan izohlanadi.

To‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobida tovarlar va xizmatlar eksporti va importi, bir mamlakatning xorijda ishlovchi hamda o‘sha davlatda ishlovchi chet ellik ishchilarning daromadlari va xarajatlari, bir mamlakatning tashqi aktivlari va majburiyatlari bo‘yicha qo‘lga kiritgan yoki to‘lab berishi lozim bo‘lgan daromadlari, shuningdek, xalqaro pul o‘tkazmalari, grantlar va insonparvarlik yordamlari va boshqa operatsiyalar aks etadi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonga transchegaraviy pul o‘tkazmalari oqimi o‘zining uzoq muddatli tendensiyasiga qaytmoqda (2022-yildagi anomal o‘sishdan keyin).

“Joriy operatsiyalar hisobi defitsitining bunday yuqori suratda o‘sishini (davomiy) moliyaviy oqim bilan ta’minlash juda mushkul (ayniqsa, hozirgi yuqori foizli dunyoda). Bunday holat 2023-yildagi kabi to‘lov balansida nomutanosibliklarni keltirib chiqarishda davom etadi. Bu esa nominal valyuta kursi, shuningdek, xalqaro zaxiralarga bosimni oshiraveradi. Bunda, 2024-yilda to‘lov balansidagi vaziyatni yumshatish budjet intizomiga judayam bog‘liq. Bundan tashqari, nominal valyuta kursining „to‘g‘rilanishi“ ham to‘lov balansiga ijobiy ta’sir qilishi mumkin”, — deydi Mirkomil Xolboyev.

Moliyachi Otabek Bakirov 2023-yil avgustida bo‘lgani kabi, nominal valyuta kursini yana bir marta sezilarli “to‘g‘rilash” orqali to‘lov balansini muvozanatlashni qabul qilib bo‘lmas deb hisoblamoqda. Uning fikricha, bu defitsitning salbiy oqibatlarini xalq yelkasiga yuklash bo‘ladi.

“Eng to‘g‘ri yechim qattiq ekonomiya rejimiga o‘tish, ya’ni budjetga oligarxiya va monopoliyalar o‘tkazayotgan ulkan bosimni ildizi bilan kesib tashlash. Shundagina adolat bo‘ladi. Adolatli haqiqat bo‘ladi”, — deb yozdi u.